1-noyabrdan chorraha va qayrilib olish joylari yaqinida yo‘l chizig‘ini bosganlik uchun bayonnoma tuzilmaydi

O‘zbekistonda 2026-yil 1-noyabrdan chorraha va qayrilib olish joylari yaqinida ayrim yo‘l chiziqlarini bosib harakatlanganlik uchun Yo‘l-patrul xizmati (YPX) inspektorlari tomonidan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilmaydi.

Vazirlar Mahkamasining 29-oktyabrdagi qaroriga ko‘ra, yangi tartib chorrahaga 50 metr va qayrilib olish joyiga 20 metr qolgan hududlarda qo‘llanadi. Bunda transport vositalari oqimlarini ajratib turuvchi 1.1 va 1.3 yo‘l yotiq chiziqlarini bosib o‘tish holatlari nazarda tutilgan.

Qarorda mazkur tartib yo‘l-patrul xizmati inspektorlari tomonidan huquqbuzarlik sifatida rasmiylashtirilmaydigan holatlar qatoriga kiritilgan.

Shu bilan birga, ushbu istisno chorraha va qayrilib olish joylariga belgilangan masofadan tashqaridagi yo‘l chiziqlarini bosib o‘tish holatlariga tatbiq etilmaydi.

Hukumat qarori bilan yo‘l harakati qoidabuzarliklarini maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish tizimiga oid boshqa o‘zgartirishlar ham kiritilgan.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 103112 | Инструменты