Huawei 1
Londonda O‘zbekiston turizmi, madaniyati va milliy taomlari festivali o‘tkazildi

2025-yilning 21-22-iyun kunlari Buyuk Britaniya poytaxti London shahridagi mashhur “Tower Bridge” oldida “Potters Field Park” xiyobonida an’anaviy O‘zbekiston turizmi, madaniyati va milliy taomlari festivali bo‘lib o‘tdi.

Turizm qo‘mitasi, Chustiy Group, Londondagi “OshPaz” o‘zbek milliy taomlari restorani hamda mamlakatimizning Buyuk Britaniyadagi elchixonasi, Madaniyat vazirligi, “Uzbekistan Airways” AJ hamkorligida tashkil etilgan festival davomida 100 dan ortiq O‘zbekiston san’at ustalari, madaniyat xodimlari, hunarmandlar, nufuzli dizaynerlar va milliy brend asoschilari, shuningdek, turoperatorlar va oshpazlar ishtirok etdi.

Tadbir doirasida mamlakatimiz turizm salohiyatiga va yangi turistik marshrutlarga doir taqdimotlar, taniqli san’atkorlarimizning badiiy chiqishlari, hunarmandchilik mahsulotlari ko‘rgazmasi, milliy liboslar defilesi o‘tkazildi. Tadbirlar doirasida “Lazgi” taqdimoti va Xorazm milliy taomlari gastrofestivali ham o‘rin oldi.

Bundan tashqari, O‘zbekiston-Britaniya sayyohlik kompaniyalari ishtirokida mamlakatimizning turistik salohiyatini targ‘ib qilish maqsadida “O‘zbekiston – Buyuk Britaniya” turizm forumi, “Road Show”lar va B2B shaklidagi uchrashuvlar tashkil etildi

Festival doirasida, shuningdek, Londonda ilk bor respublikamizning 20 dan ortiq yetakchi eksportyor kompaniyalari ishtirokida "Product of Uzbekistan" savdo yarmarkasi tashkil etiladi. Unda 2 tonnadan ko‘proq O‘zbekistonda yetishtirilgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari (sabzavotlar, sarxil mevalar, dukkakli hamda poliz ekinlari) hamda tayyor va yarim tayyor oziq-ovqatlarning yirik taqdimotlari o‘tkazildi.

“O‘zbekiston karvoni” ishtirokchilari - taniqli oshpazlar Bahriddin Chustiy va Buyuk Britaniyadagi “OshPaz” kompaniyasi asoschisi Muzaffar Sodiqov tomonidan uch tonnalik o‘zbek palovi tayyorlandi. Ta’kidlash joizki, palov uchun zarur bo‘lgan qozon-o‘choq va osh masalliqlari O‘zbekistondan keltirildi.

Festivalni yanada ommalashtirish va ko‘plab tashrif buyuruvchilarni jalb etish maqsadida Londonning markaziy ko‘chalaridagi 10 dan ortiq yo‘nalishlarda qatnovchi ikki qavatli avtobuslarda, metro bekatlarida, LED-ekranlarda “Welcome to Uzbekistan” mavzusidagi bannerlar joylashtirildi hamda Buyuk Britaniyadagi eng ko‘p sotiladigan pazandachilik jurnali - “BBC Good Food” resurslarida festival haqida ma’lumotlar chop etildi.

“O‘zbekiston madaniyati va milliy taomlari” festivali yurtimizning xalqaro nufuzini yanada oshirish, turizm almashinuvini rivojlantirish va ikki tomonlama madaniy hamkorlikni mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etadi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 62321 | Инструменты