Besh yillik taʼlimdan keyin talabalar bir yil toʻliq amaliy tayyorgarlikdan oʻtadi. Dasturni muvaffaqiyatli tamomlagan bitiruvchilar oilaviy shifokor sifatida ishlash imkoniyatiga ega boʻladi
Prezident tibbiyot va farmatsevtika sohasida kadrlar tayyorlash, ularni davlat roʻyxatidan oʻtkazish hamda uzluksiz kasbiy taʼlim tizimini takomillashtirish boʻyicha takliflar taqdimoti bilan tanishdi.
Taqdimotga ko'ra, endilikda tibbiyot oliygohlariga qabul parametrlari hududlar va tibbiyot muassasalarining real ehtiyoji, kadrlar yetishmovchiligi asosida shakllantiriladi. Davlat buyurtmasi yoʻnalishlar kesimida Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan tasdiqlanadi.
2027/2028-oʻquv yilidan “Davolash ishi” yoʻnalishi oʻrniga 6 yillik “Umumiy tibbiyot” bakalavriat dasturini joriy etish taklif qilinmoqda. Besh yillik taʼlimdan keyin talabalar bir yil toʻliq amaliy tayyorgarlikdan oʻtadi. Dasturni muvaffaqiyatli tamomlagan bitiruvchilar oilaviy shifokor sifatida ishlash imkoniyatiga ega boʻladi.
Rezidentlarning oilaviy poliklinikalarda bir vaqtning oʻzida oʻqishi va amaliyot oʻtashi yoʻlga qoʻyiladi. Tor soha mutaxassislarini tayyorlash esa bosqichma-bosqich rezidenturaga oʻtkazilib, magistratura asosan ilmiy-pedagogik kadrlar tayyorlashga yoʻnaltiriladi.
Oʻrta tibbiyot kadrlarini tayyorlashda ham yangicha yondashuvlar joriy etiladi. Oliy maʼlumotli hamshiralarning tashxis, davolash va profilaktika jarayonlarida shifokorga yaqin koʻmakchi sifatidagi oʻrni oshiriladi.
Farmatsevtika taʼlimi ishlab chiqarish bilan yanada yaqin bogʻlanadi. Korxonalar ehtiyoji asosida dual taʼlim kengaytirilib, amaliy mashgʻulotlar ulushini oshirish, talabalarni dori vositalarini ishlab chiqishdan tortib, sifat nazorati va standartlashtirishgacha boʻlgan jarayonlarga jalb qilish belgilanmoqda.
Alpha version: 0.9.1.19 build 90521 | Инструменты