Endi O'zbekistonda tibbiyot va farmasevtika xodimlari davlat ro'yxatidan o'tkaziladi

Prezident tibbiyot va farmatsevtika sohasida kadrlar tayyorlash, ularni davlat roʻyxatidan oʻtkazish hamda uzluksiz kasbiy taʼlim tizimini takomillashtirish boʻyicha takliflar taqdimoti bilan tanishdi.

Taqdimotga ko'ra, endi tibbiyot va farmatsevtika xodimlarini davlat roʻyxatidan oʻtkaziladi. Aholiga koʻrsatilayotgan tibbiy xizmatlar sifati va xavfsizligini taʼminlash maqsadida mutaxassislarning bilim va amaliy tayyorgarligini mustaqil baholash tizimi joriy etiladi.

Barcha tibbiyot va farmatsevtika xodimlarini qamrab oladigan yagona elektron reyestr shakllantiriladi. U 16 ta axborot bazasi bilan integratsiya qilinib, mutaxassisning taʼlimi, malakasi va kasbiy faoliyatiga oid maʼlumotlarni bir joyda jamlash imkonini beradi.

Hozirda davlat roʻyxatidan oʻtishni 2027-yildan ixtiyoriy, 2030-yildan esa majburiy tartibda joriy etish taklif qilinmoqda. Keyinchalik davlat roʻyxatidan oʻtmagan mutaxassis tibbiy yoki farmatsevtik faoliyat bilan shugʻullana olmaydi.

Baholash bosqichma-bosqich – fundamental va klinik fanlar, keyin esa mutaxassislik boʻyicha amalga oshiriladi. Buning uchun yagona test va topshiriqlar banki, zamonaviy simulyatsion bazalar tashkil etiladi. Imtihondan oʻta olmagan mutaxassislarga qayta topshirish imkoniyati beriladi.

Yangi tizimga ixtiyoriy ravishda ertaroq kirgan xodimlarni ragʻbatlantirish ham nazarda tutilgan. Imtihondan muvaffaqiyatli oʻtib, davlat roʻyxatiga kiritilgan oliy maʼlumotli shifokor va farmatsevtika xodimlariga mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdorining 5 baravarigacha, oʻrta tibbiyot va farmatsevtika xodimlariga 2,5 baravarigacha ustama toʻlash taklif etildi.

Shuningdek, davlat roʻyxatidan oʻtkazish va mutaxassislar malakasini baholash ishlarini tashkil etish uchun alohida markaz faoliyati yoʻlga qoʻyiladi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 90521 | Инструменты