Huawei 1
Jahongir Ahmedov Bolalar kontentini rivojlantirish markazi direktori etib tayinlandi

Bolalarni zararli axborotlardan himoya qilish bo‘yicha ko‘p ishlar qilinmoqda, bu borada alohida qonun ham qabul qilingan. Bu haqda prezident raisligida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida maʼlum qilindi.

“To‘g‘ri, bugungi kunda yoshlar maʼnaviyati bilan hamma shug‘ullanayapti.

Lekin, zararli axborotlarga qarshi tura oladigan milliy kontent yaratish, ularni targ‘iboti, ijodkorlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha professional tashkilot yo‘q”, - dedi Prezident.

Shu munosabat bilan Prezident qarori bilan Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi qoshida Bolalar kontentini rivojlantirish markazi tashkil qilindi.

Markaz bolalar tarbiyasi va sog‘lig‘iga salbiy taʼsir qiladigan axborot makonidagi kontentni tahlil qiladi. Mahalliy ijodkorlarga milliy kontent yaratish bo‘yicha buyurtma beradi, sohada kadr tayyorlashni tashkil qiladi. Qori Niyoziy instituti markazga ilmiy jihatdan ko‘maklashadi.

Shu bilan birga, bu masalalar faqatgina bitta markazning ishi bo‘lib qolmasligi, masʼul barcha vazirliklar markaz bilan ishlarni boshlashi shartligi ko‘rsatib o‘tildi.

Bolalar kontentini rivojlantirish markaziga direktor etib taniqli rejissyor Jahongir Ahmedov tayinlandi.

Yig‘ilishda sanoqli kunlardan keyin 6 milliondan ziyod o‘quvchi va 1 milliondan ortiq talaba taʼtilga chiqishi taʼkidlandi. Yoz oylarida yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil qilish muhim ahamiyatga ega ekani ko‘rsatib o‘tildi.

Barcha hokimlar va taʼlim sohasi rahbarlariga yozgi taʼtil vaqtida barcha taʼlim muassasalarining sport maydonchasi va o‘quv xonalarida yoshlar uchun sport, fan va kasb to‘garaklarini ochish topshirildi.

Masalan, o‘zlashtirish darajasi past maktablarga oqsayotgan fanlar bo‘yicha eng yaxshi mutaxassislar jalb qilinib, o‘quvchilar uchun haftasiga olti soatlik o‘quv kurslari tashkil qilinadi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 51521 | Инструменты