Endi O‘zbekistonda suvdan qarzi borlarning elektr uchun to‘lov qilishi cheklanadi

O‘zbekistonda 2027-yil 1-yanvardan ichimlik suvi ta’minoti va oqova suv xizmatlari bo‘yicha qarzdorlikni undirish tartibi o‘zgaradi. Bu haqda “O‘zsuvta’minot” Telegramdagi kanalida ma’lum qildi.

Unga ko'ra, 1-yanvardan qarzdorlik belgilangan muddatda bartaraf etilmasa, uni undirish masalasi qarzdorlik miqdoriga qarab notarial yoki sud tartibida hal etiladi. Bunda qarzdorlik bazaviy hisoblash miqdorining 1000 baravarigacha bo‘lsa — notarius orqali, 1000 baravaridan ortiq bo‘lsa — sud orqali undirish chorasi ko‘riladi.

Shundan so‘ng ijro hujjati rasmiylashtirilib, MIBga yuboriladi. Agar ijro hujjati bo‘yicha ham belgilangan majburiyat bajarilmasa, qonunchilikda belgilangan tartibda iste’molchining elektr energiyasi uchun to‘lovlarni amalga oshirish imkoniyati cheklanadi. Ya’ni, iste’molchi ichimlik suvi va oqova suv xizmatlari bo‘yicha qarzdorligini bartaraf etishi zarur bo‘ladi.

Ta’kidlash lozim, bunda iste’molchida qarzdorlik yuzaga kelgan zahoti elektr energiyasi uchun toʻlov qabul qilinishi cheklanmaydi va iste’molchi qarzdorlikni bartaraf etish uchun yetarlicha vaqtga ega bo‘ladi, qarzdorlik saqlanib qolgan taqdirdagina elektr energiyasi uchun toʻlov qabul qilinishi cheklanadi.

Yangi tartib prezidentning 2026-yil 24-iyuldagi ichimlik suvi ta’minoti va oqova suv tizimlarini rivojlantirishga qaratilgan 140-sonli farmonida ko‘zda tutilgan.

Hujjatga muvofiq, 2027-yil 1-yanvardan ijro hujjati talablari belgilangan muddatda bajarilmagan taqdirda, qarzdorning elektr uchun to‘lovlari avtomatik tarzda cheklanadi. “Ijtimoiy reyestr”ga (Yagona ijtimoiy himoya reyestriga) kiritilgan oilalar bundan mustasno — ularga nisbatan bu cheklov qo‘llanmaydi.

“O‘zsuvta’minot” iste’molchilarga qarzni ixtiyoriy ravishda to‘lash uchun vaqt berilishini va elektr to‘lovini cheklash undiruv jarayonining eng so‘nggi bosqichi ekanini bildirdi.

O‘zbekistonda boshqa kommunal xizmatlar bo‘yicha qarzdorlikni undirishda elektr energiyasi uchun to‘lovni cheklash mexanizmi allaqachon qo‘llanmoqda.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 103112 | Инструменты