Hafta davomida Toshkentda havo inversiyasi kuzatiladi - O'zgidromet

Hafta davomida Toshkentda nisbatan iliq va yog‘ingarchiliksiz ob-havo bo‘lishi kutilmoqda. Kunduzi havo harorati +18…+20 darajani, kechasi esa taxminan +8…+10 darajani tashkil qiladi. Kutilayotgan meteorologik sharoitlar sababli 1-noyabrgacha atmosfera inversiyasi kuzatiladi, deb xabar bermoqda O‘zgidromet.

“Yog‘ingarchilikning yo‘qligi, shamol tezligining nisbatan past bo‘lishi va inversiya hodisasi birgalikda atmosfera havosining o‘z-o‘zini tozalash jarayonini sekinlashtirishi mumkin. Shu sababli 1-noyabrga qadar Toshkent shahrida chang zarrachalari va boshqa ifloslantiruvchi moddalar miqdori oshishi yoki yuqori darajada saqlanib qolishi ehtimoli mavjud”, — deyiladi xabarda.

Havo sifatining amaldagi holati va o‘zgarishi ifloslantiruvchi moddalar chiqarilishi, shamol va boshqa meteorologik omillarga ham bog‘liq, deya qo‘shimcha qildi O‘zgidromet.

Atmosfera inversiyasi — havo harorati ko‘tarilgan sari pasayish o‘rniga ortib boradigan meteorologik hodisa. Inversiya vaqtida yer yuzasiga yaqin sovuq havo qatlami ustida iliqroq havo qatlami shakllanadi. Bu esa vertikal havo almashinuvini cheklab, chang zarrachalari va boshqa ifloslantiruvchi moddalarning atmosferaning quyi qatlamida to‘planishiga sabab bo‘lishi mumkin.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 102715 | Инструменты