‘‘Yangi Buxoro” xalqaro aeroportini qurish va boshqaruvga berish boʻyicha Turkiya va Qatar kompaniyalari g‘olib bo‘ldi

“Yangi Buxoro” xalqaro aeroportini davlat-xususiy sheriklik (DXSH) asosida qurish va boshqarish bo‘yicha xalqaro tender g‘olibi aniqlandi. Bu haqda Uzbekistan Airports xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, tender natijasida Turkiyaning Limak İnşaat Sanayi ve Ticaret A.Ş. va Qatarning Hamad Bin Khalid Contracting Company W.L.L. kompaniyalari konsorsiumi g‘olib deb topilgan.

Tender 2026-yil 12-martda “Qurish-topshirish-boshqarish” (Build-Transfer-Operate — BTO) modeli asosida e’lon qilingan. Jarayon malaka so‘rovi (RFQ) va takliflar so‘rovi (RFP) bosqichlarida o‘tkazilgan. Yakuniy bosqichga oltita kompaniya o‘tgan.

Loyihaga ko‘ra, xususiy sherik soatiga 1200 nafar yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatish quvvatiga ega yangi terminal, vokzaloldi maydoni, avtoturargoh va tegishli infratuzilmani qurish hamda boshqarish uchun javobgar bo‘ladi.

Davlat sherigi esa aerodrom majmuasi, jumladan, uchish-qo‘nish yo‘lagi va perronni qurish hamda boshqarishni o‘z zimmasiga oladi. Keyingi bosqichda umumiy muddati 23 yil bo‘lgan DXSH bitimini tuzish ko‘zda tutilgan. Ushbu muddatning 3 yilgacha bo‘lgan qismi qurilish davrini o‘z ichiga oladi.

G‘olib konsorsium tarkibidagi Limak kompaniyasi Kosovo poytaxti Prishtina va Senegal poytaxti Dakardagi xalqaro aeroportlarni boshqaradi. Shuningdek, kompaniya Istanbul aeroporti qurilishida ishtirok etgan va Quvayt xalqaro aeroportining yangi terminalini qurmoqda.

HBK Contracting esa Qatarda 2022-yilgi futbol bo‘yicha jahon chempionati finali o‘tkazilgan “Lusail” stadioni qurilishining bosh pudratchisi bo‘lgan. “Yangi Buxoro” xalqaro aeroportini qurish loyihasi prezidentning 2024-yil 30-avgustdagi PQ–308-son qaroriga muvofiq Uzbekistan Airports tomonidan Transport vazirligi hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda.

Avvalroq Shavkat Mirziyoyev Buxoroda 300 million dollarlik yangi aeroportni Mustaqillik bayramigacha foydalanishga topshirish vazifasini qo‘ygandi. Shuningdek, aeroportni shahar markazi bilan bog‘lash uchun 24 kilometrlik avtomobil yo‘li va avtobuslar uchun 5,5 kilometrlik BRT yo‘lagi tashkil etilishi rejalashtirilgan.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 111311 | Инструменты