O‘zbekistonda velosiped sportini yanada ommalashtirish bo‘yicha Prezident qarori qabul qilindi


Qarorga ko‘ra, 2030-yilga qadar velosiped sport turlarini yanada ommalashtirish va rivojlantirishning aniq maqsadlari belgilab olindi. Asosiy vazifalar qatoriga mamlakatda velosport bilan ommaviy shug‘ullanuvchi aholi qamrovini 30 ming nafarga yetkazish hamda Osiyo qit’asi miqyosidagi musobaqalarda milliy terma jamoaning kuchli uchtalikka kirishini ta’minlash kiritilgan. Shuningdek, Olimpiya o‘yinlariga litsenziyalar sonini oshirish va medallar uchun kurashish ko‘zda tutilgan.

Aholini velosport orqali sog‘lom turmush tarziga jalb qilish maqsadida 2027-yil mart oyidan boshlab maxsus sport musobaqalari an'anaviy tarzda o‘tkazib boriladi. Xususan, talabalar o‘rtasida "Talabalar kubogi", zarur infratuzilmaga ega maktablarning yuqori sinf o‘quvchilari o‘rtasida "Direktor kubogi" hamda vazirlik va idoralar xodimlari o‘rtasida "Yangi O‘zbekiston" musobaqalari tashkil etiladi. Nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun esa "Sening imkoniyating" paravelosport musobaqasi yo‘lga qo‘yiladi.

Tadbirlar taqvimidan yirik ommaviy marafonlar ham o‘rin olgan. Jumladan, 8-mart Xalqaro xotin-qizlar kuni doirasida ayollar o‘rtasida "Bahor malikalari" hamda 22-sentabr Avtomobilsiz kun aksiyasi doirasida umumiy aholi o‘rtasida "Salomatlik sari yo‘l" velomarafonlarini o‘tkazish belgilangan.

Avvalroq “Yangi O‘zbekiston Olimpiya cho‘qqilari” doirasida velosport musobaqalari o‘tkazib borilishi haqida xabar bergandik.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 111300 | Инструменты