Yangi Toshkent shahri hokimligi tashkil etiladi va unga Prezident tomonidan tayinlanadigan hokim rahbarlik qiladi. Bu haqda Prezidentning joriy yilning 10 noyabr kuni qabul qilingan “Yangi Toshkent shahri va hududlarda yuqori multiplikativ samaraga ega yirik shaharsozlik loyihalarini qoʻllab-quvvatlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmonida belgilangan.
Farmonga koʻra, yangi hokimlik tegishli ma’muriy-hududiy birlik tuzilguniga qadar maxsus huquqiy rejim doirasida hududda boshqaruvni tashkil etish, aholi, ijtimoiy va infratuzilma ob’ektlariga xizmat koʻrsatish maqsadida tashkil etiladi. Hudud hokimi Prezident tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimidan ozod etiladi.
Bosh prokuratura, Ichki ishlar vazirligi, Adliya vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi hamda boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar 1 oy muddatda oʻzlarining umumiy shtat birliklari doirasida Yangi Toshkent shahrida huquqni muhofaza qiluvchi organlarning tuzilmalarini tashkil qiladi.
Bundan tashqari, farmonga muvofiq Yangi Toshkent shahar hokimligi boshqaruv apparatining namunaviy tuzilmasi tasdiqlandi va boshqaruv xodimlarining umumiy cheklangan soni 14 nafarni tashkil etadi. Mazkur apparat tarkibi hokim, uning birinchi oʻrinbosari va ikki nafar oʻrinbosari (ularning har birida bittadan bosh mutaxassis), hokim yordamchisi, axborot xizmati rahbari, tashkiliy-nazorat guruhi, bosh hisobchi, bosh yuriskonsult hamda devonxonaning ikki nafar bosh mutaxassisi boʻladi.
Shuningdek, Yangi Toshkentdagi davlat organlari va tashkilotlari boʻlinmalari uchun jami 30 ta shtat birligi ajratiladi. Obodonlashtirish boshqarmasi tuzilmasi va shtatlari soni esa Toshkent shahri tumanlari namunaviy tuzilmasi asosida hokim tomonidan belgilanadi.
Yangi Toshkent shahri hokimligi hamda Yangi Toshkent shahridagi davlat organlari va tashkilotlarining boʻlinmalari vaqtincha sobiq “Yangi Toshkent” loyiha ofisi binosiga tekin foydalanish huquqi bilan joylashtiriladi. Yangi Toshkent hokimligi va tegishli idoralarni saqlash xarajatlari Respublika byudjetidan moliyalashtiriladi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 111218 | Инструменты