Saudiyadagi aeroportga raketa hujumidan ikki oʻzbekistonlik jarohatlandi

Joriy yil 10-oktyabr kuni Saudiyaning Ar-Riyod shahridagi Podshoh Xolid xalqaro aeroportining 3-terminaliga ballistik raketa uchirilishi oqibatida ikki nafar oʻzbekistonlik yengil jarohatlandi. Bu haqda Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Omonulla Fayziyev xabar berdi.

Qayd etilishicha, 1977 va 1997-yillarda tugʻilgan Oʻzbekiston fuqarolariga dastlabki tibbiy yordam koʻrsatgan.

Fuqarolar “Diriyah Hospital” shifoxonasiga olib borildi. Tibbiy koʻrik va zarur muolajalardan soʻng ularning har ikkisiga shifoxonadan javob berildi. Dastlabki maʼlumotlarga koʻra, hodisa vaqtida aeroport hududida boʻlgan yana 20 nafarga yaqin boshqa Oʻzbekiston fuqarolari jabrlanmagan, deyiladi xabarda.

Hozirda Oʻzbekistonning Ar-Riyoddagi elchixonasi Saudiya Arabistonining tegishli idoralari bilan hamkorlikda vaziyatni kuzatib borayotgani bildirilgan. Fuqarolar bilan doimiy aloqada boʻlib, zarur konsullik yordami koʻrsatilayotgani qayd etilgan.

Avvalroq O‘zbekiston Ar-Riyoddagi xalqaro aeroportga qilingan hujumni qatʼiy qoralagandi.

Maʼlumot uchun, aeroportga raketa hujumi ortidan kamida 12 kishi halok boʻlib, 300 nafardan ortiq odam yaralangan. Bu bir hafta ichida aeroportga qilingan uchinchi hujum hisoblanadi. Qurbonlar orasida to‘rt nafar saudiyalik, ikki nafar bangladeshlik hamda AQSH, Iordaniya, Falastin, Suriya, Sudan, Misr fuqarolari bor. Jarohatlanganlar soni 309 nafarni tashkil etmoqda, ayrimlarining ahvoli ogʻir.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 101214 | Инструменты