O‘zbekistonda axborot makonini himoya qilish va aholining huquqiy ogohligini oshirish maqsadida mutlaqo yangi tizim joriy etilmoqda. “Ekstremizmga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi Qonunga kiritilgan yangi qo‘shimchalarga muvofiq, endilikda mamlakatda Ekstremistik tashkilotlar va materiallarning (manbalarning) yagona elektron reyestri
shakllantiriladi.
Mazkur reyestr Adliya vazirligi tomonidan yuritiladi hamda vazirlikning rasmiy veb-saytiga joylashtiriladi. Eng muhimi, ushbu elektron baza barcha fuqarolar uchun to‘liq ochiq va tanishish bepul etib belgilanmoqda. Yangi tartibga ko‘ra, ochiq elektron reyestrdan quyidagi ma’lumotlar o‘rin oladi:
- Ekstremistik faoliyatga aloqadorligi sababli ish faoliyati vaqtincha to‘xtatib turilgan tashkilotlar;
- Rasman ekstremistik deb topilgan tashkilotlar ro‘yxati;
- Sud qarori bilan ekstremistik deb baholangan materiallar (kitoblar, varaqalar, audio va videomateriallar);
- Telekommunikatsiya yoki Internet tarmog‘ida tizimli ravishda (1 yil davomida 2 va undan ortiq marotaba) ekstremistik materiallar joylashtirilgan va tarqatilgan elektron manbalar (saytlar, ijtimoiy tarmoq sahifalari, kanal va guruhlar).
Materialni reyestrga kiritish jarayoni qanday kechadi?
Biror bir material yoki internet-manbani ekstremistik deb topish qat’iy huquqiy bosqichlardan iborat mexanizm asosida amalga oshiriladi:
- Ekspertiza va Tashabbus: Ekstremizmga qarshi kurashuvchi vakolatli davlat organlari shubhali manbada taqiqlangan g‘oyalar mavjudligini tasdiqlovchi rasmiy ekspertiza xulosasini tayyorlaydi va Bosh prokuraturaga iltimosnoma kiritadi.
- Tekshirish: Bosh prokuratura taqdim etilgan hujjatlarning qonuniyligi va asosliligini sinchiklab tekshiradi.
- Sudga arizas: Hujjatlar asosli deb topilgan taqdirda, Bosh prokuror yoki uning o‘rinbosari mazkur manbani ekstremistik deb topish to‘g‘risidagi arizani Oliy sudga kiritadi.
- Yakuniy qaror: Faqatgina Oliy sudning yakuniy qaroridan so‘nggina material yoki veb-sahifa rasman ekstremistik deb topiladi va Adliya vazirligi tomonidan ochiq reyestrga qo‘shiladi.
Ushbu yangi tizim fuqarolarning bilmasdan internet tarmog‘idagi taqiqlangan materiallarni saqlashi yoki tarqatishi natijasida qonuniy javobgarlikka tortilib qolishlarining oldini olishga xizmat qiladi. Endilikda har bir foydalanuvchi shubhali manbalarni ushbu ochiq reyestr orqali mustaqil tekshirib olish imkoniyatiga ega bo‘ladi.