Shuningdek, bu muddatda uran ishlab chiqarish hajmini ham joriy yildagi 7,5 ming tonnadan 15 ming tonnaga, aniqlangan zaxiralar hajmini esa 200 ming tonnaga yetkazish rejalashtirilmoqda.
Prezident Shavkat Mirziyoyev “Navoiyuran” korxonasi va “Oʻzbekiston texnologik metallar kombinati” aksiyadorlik jamiyatining 2026-yildagi ustuvor vazifalari hamda kelgusi rejalari yuzasidan taqdimot bilan tanishdi. Dastlab “Oʻzbekiston texnologik metallar kombinati” faoliyati va uni rivojlantirish rejalari koʻrib chiqildi.
Joriy yil yakuniga qadar 12 ta investitsiya loyihasini ishga tushirish, mahalliylashtirilgan mahsulotlar turini koʻpaytirish, yuqori soflikdagi selen va tellur ishlab chiqarishni kengaytirish rejalashtirilgan.
Davlat rahbari muhim minerallar boʻyicha istiqbolli loyihalarni tezlashtirib, mavjud 5 turdagi mahsulotga (volfram, molibden, selen, tellur, reniy) qoʻshimcha ravishda yana 11 turdagi mahsulot (nikel, kobalt, grafit, surma, qalay, marganes, platina, vanadiy, simob va mis) ishlab chiqarishni oʻzlashtirish vazifasini qoʻydi. Shuningdek, sohaga ilm-fan yutuqlarini keng jalb etib, qoʻshimcha mineral zaxiralarni aniqlash muhimligi taʼkidlandi.
Rejaga koʻra, 2030-yilgacha 16 turdagi muhim metallar boʻyicha ishlab chiqarish hajmini 2,7 milliard dollardan oshirish koʻzda tutilmoqda.
Ayniqsa, volframni chuqur qayta ishlash boʻyicha yirik loyihalar ishlab chiqilgan. Ularni amalga oshirish uchun 1,1 milliard dollar investitsiya jalb qilish, 2030-yilga borib, ushbu yoʻnalishda ishlab chiqarish hajmini qariyb 2,2 milliard dollarga yetkazish moʻljallangan.
Taqdimotda “Navoiyuran” korxonasining joriy yildagi faoliyati va ishlab chiqarishni rivojlantirish rejalari ham muhokama qilindi.
Soʻnggi yillarda jahon bozorida uran xomashyosiga talab 15-20 foizga oshgan. 2030-yilgacha esa yana 28 foizga oʻsishi kutilmoqda.
Bunday sharoitda O'zbekistonda uran qazib olish hajmini koʻpaytirish, yangi konlarni oʻzlashtirish, ishlab chiqarish samaradorligini oshirish va uran sanoatini zarur resurslar bilan barqaror taʼminlash muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Shu maqsadda joriy yilda geologiya-qidiruv va texnologik burgʻilash ishlarini kengaytirish, ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish, qoʻshimcha sorbsiya qurilmalarini ishga tushirish hamda 250 ta yangi ish oʻrni yaratish rejalashtirilgan.
Prezident ishlab chiqarishda muqobil texnologiyalardan foydalanishni kengaytirish, 2030-yilgacha sulfat kislotasi oʻrnini bosuvchi reagentlar ulushini 40 foizga yetkazish zarurligini qayd etdi.
Umuman, ushbu chora-tadbirlar va yangi ishlab chiqarish quvvatlari hisobiga 2030-yilgacha uran ishlab chiqarish hajmini joriy yildagi 7,5 ming tonnadan 15 ming tonnaga, aniqlangan zaxiralar hajmini esa 200 ming tonnaga yetkazish rejalashtirilmoqda.
Taqdimot yakunida mutasaddilarga investitsiya loyihalarini oʻz vaqtida amalga oshirish, korxonalarning mineral-xomashyo bazasini mustahkamlash, yangi texnologik quvvatlarni ishga tushirish, yuqori qoʻshilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarish va eksport hajmini oshirish yuzasidan tegishli topshiriqlar berildi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 110517 | Инструменты