Oʻzbekistonda texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlar oqibatida aholiga yetkazilgan zararni baholash va qoplash tizimi tubdan takomillashtirilmoqda. Hukumatning 2026-yil 3-noyabrdagi 606-sonli qarori bilan bu boradagi tegishli nizom
tasdiqlandi.
Yangi tartibga koʻra, transport halokatlari, kimyoviy hamda yongʻin-portlash xavfi bor obyektlardagi avariyalar, energetika va kommunal tizimlardagi uzilishlar hamda binolarning toʻsatdan buzilishi kabi holatlar texnogen favqulodda vaziyatlar hisoblanadi.
Hujjatda belgilanishicha, sud tomonidan vaziyatga daxldor haqiqiy aybdorlar aniqlanguniga qadar boʻlgan davrda yoki aybdor deb topilgan yuridik shaxslarning zararni toʻliq qoplashga imkoniyati yetmagan taqdirda, mablagʻlar tuman (shahar) hokimliklari huzurida tashkil etiladigan maxsus jamgʻarma hisobidan toʻlab beriladi. Jabrlangan fuqarolar hodisa sodir boʻlgan kundan boshlab 30 kun ichida maxsus komissiyaga ariza topshirishlari lozim.
Komissiya dalolatnomasi hamda hududlar rahbarlarining qarorlariga asosan, aybdor shaxslar hisobidan quyidagi miqdorlarda bir martalik moddiy yordam pullari ajratiladi:
1. Halok boʻlganlarning oila aʼzolariga: oilaning har bir aʼzosiga (turmush oʻrtogʻi, farzandlari, ota-onasi va qaramogʻidagilar) teng ulushda — bazaviy hisoblash miqdori (BHM)ning 500 baravarigacha;
2. Oʻgʻir tan jarohati olganlarga: BHMning 200 baravarigacha;
3. Oʻrtacha ogʻirlikdagi jarohat olganlarga: BHMning 150 baravarigacha;
4. Yengil tan jarohati olganlarga: BHMning 100 baravarigacha.
Mazkur qaror favqulodda holatlarda fuqarolarning moddiy va ijtimoiy himoyasini tezkor taʼminlashda muhim huquqiy asos boʻlib xizmat qiladi.