O'zbekistonda Ipoteka kreditlari hajmi oʻtgan yilga nisbatan 39 foizga oshdi
O'zbekistonda aholini uy-joy bilan ta’minlash va ipoteka bozorini rivojlantirish borasidagi islohotlar yangi bosqichga chiqdi. Uy-joy va ipoteka bozorini rivojlantirish boshqarmasi boshligʻi oʻrinbosari Sunnatilla Xolmurodov ishtirokida oʻtgan brifingda bank tizimida amalga oshirilgan ishlar sarhisob qilinib, istiqbolli rejalar ochiqlandi.

Tahlillarga koʻra, 2026-yilning yanvar–oktyabr oylari davomida tijorat banklari tomonidan 76 ming nafar fuqaroga jami 23,5 trillion soʻmlik ipoteka kreditlari rasmiylashtirilgan. Bu koʻrsatkich oʻtgan yilning mos davri bilan qiyoslanganda 39 foizlik oʻsishni koʻrsatmoqda. 1-noyabr holatiga koʻra, ipoteka kreditlari qoldigʻi 92,7 trillion soʻmga yetib, 2017-yil boshidagiga nisbatan qariyb 12,5 barobarga oshgani sohada tub burilish boʻlganidan dalolat beradi. Shu bilan birga, qurilish sektorini qoʻllab-quvvatlash maqsadida 73 ming xonadonga moʻljallangan 1 209 ta koʻp kvartirali uylarni barpo etish uchun pudrat tashkilotlariga 4,5 trillion soʻm kredit mablagʻlari yoʻnaltirildi.

Aholining asosiy qismi yangi qurilayotgan uylarga eʼtibor qaratmoqda. Ajratilgan ipoteka kreditlarining 74 foizi birlamchi bozorga, qolgan 26 foizi esa ikkilamchi bozor hisobiga toʻgʻri keldi. Uy-joy sotib olishda yosh avlod vakillari yetakchilik qilmoqda. Hisobot davrida yoshlarning ipoteka kreditlaridagi ulushi 30 foizni (7,2 trillion soʻm) tashkil etib, oʻtgan yilgiga nisbatan 2,2 trillion soʻmga koʻpaydi.

Brifingda joriy yilning 1-iyulidan boshlab joriy etilgan “maqsadli ipoteka omonati” mexanizmining dastlabki ijobiy natijalari ham qayd etildi. Ushbu tizim doirasida bugungi kunda 415 nafar fuqaroning jami 31,1 milliard soʻm mablagʻi jamgʻarilgan. E'tiborli jihati, ushbu mablagʻning 12,4 milliard soʻmi dastlabki badal uchun davlat tomonidan ajratilgan budjet subsidiyalari hisobidan shakllantirilgan.
Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 110515 | Инструменты