Rekord: O'zbekiston tarixida ilk bor paxta hosili 5 mln tonnadan oshdi

2026-yil mamlakat paxtachiligida tub burilish yasagan, alohida ahamiyatga ega yil sifatida tarixda qolishi shubhasiz. Zero, noyabr oyining ilk kunlaridayoq paxta yetishtirishda 5 million tonnalik marraning zabt etilishi soha tarixida alohida eʼtirofga loyiq natijadir.

Qishloq xo'jaligi vazirligi ma'lum qilishicha, joriy yilda dalalardan 5 million tonnadan ziyod paxta terib olindi. Bu shunchaki raqam emas, balki ulkan xirmon ortida minglab dehqon va mexanizatorlarning mashaqqatli mehnati, fermer va klasterlarning saʼy-harakatlari, yurt farovonligi yoʻlidagi fidokorona mehnatlari mujassam.

Alohida taʼkidlash joizki, joriy mavsumda paxta terimini mexanizatsiyalashtirish darajasi hududlar kesimida 61% dan 98,5% gacha, mamlakat boʻyicha esa oʻrtacha 76%ni tashkil etdi. Jumladan, Jizzax viloyatida 98,5%, Sirdaryo viloyatida 94,2%, Toshkent viloyatida 81,2% paxta hosili terim mashinalari yordamida yigʻib olindi. Umumiy hosilning 3 515 597 tonnasi qariyb 3 mingta zamonaviy paxta terish mashinasi yordamida terib olindi.

Albatta, bunday natijalarga oʻz-oʻzidan erishilgani yoʻq. Bu, avvalo, Prezidentimiz tomonidan qishloq xoʻjaligini rivojlantirish, sohaga zamonaviy agrotexnologiyalarni joriy etish va ilm-fan yutuqlaridan samarali foydalanish boʻyicha belgilab berilgan ustuvor vazifalarning amaliy ifodasidir.

Eng muhimi, strategik yoʻnalishlarning izchil amalga oshirilishi paxtachilikda yangi marralarni zabt etish, mehnat unumdorligini oshirish va agrar soha salohiyatini yanada yuksaltirishga xizmat qilmoqda. Shuningdek, yil davomida mamlakatimizning barcha hududlaridagi paxta dalalarida oʻtkazilgan amaliy seminarlar, olimlarning ilmiy izlanishlari, tavsiya va ishlanmalarining ishlab chiqarishga joriy etilishi ham mavsum muvaffaqiyatida muhim oʻrin tutdi.

Zamonaviy agrotexnologiyalar, ilgʻor texnikalar va ilm-fan yutuqlarining uygʻunligi paxtachilikda yangi imkoniyatlarni ochmoqda. Bu esa mehnat unumdorligini oshirish, hosilni oʻz vaqtida yigʻib olish hamda mavjud resurslardan samarali foydalanishga zamin yaratmoqda.

5 million tonnadan ziyod xirmon — bu shunchaki raqam emas. Bu yurt ertasini oʻylagan oʻzbek dehqonlarining zahmati, xalqning bunyodkorlik salohiyati, ilm-fan va zamonaviy texnologiyalar kuchining yorqin ifodasidir. Paxta qabul qilish maskanlaridagi har bir gʻaramda yurtga boʻlgan mehr, halol mehnat va farovon kelajakka ishonch mujassam.

Prezidentning Oʻzbekiston dehqon va fermerlari hamda barcha qishloq xoʻjaligi xodimlariga yuborgan tabriklarida ham agrar soha zahmatkashlarining fidoyi mehnatlari eʼtirof etildi. Ochigʻi, Mustaqil Oʻzbekiston oʻzining milliy davlatchilik tarixida bu kabi yutuqni ilk bor qoʻlga kiritayotgani alohida qayd etildi. Buning zamirida fidoyi dehqonlar, omilkor fermerlar, tadbirkor klasterlar, agrar sohaning turli boʻgʻinlarida mehnat qilayotgan mutaxassislar, ilm ahli va olimlarning tinimsiz mehnati yotgani taʼkidlandi.

Eng asosiysi, davlatimiz rahbari oʻzbek paxtachiligi taraqqiyot yoʻlini belgilab berishda zamonaviy yondashuv va samarali tajribalarni joriy etish zarurligini qayta-qayta taʼkidlab kelmoqda. Bugungi yutuqlarning mustahkam poydevori ham aynan shunday yondashuv va islohotlar natijasida yaratildi. Buni bugun agrar sohaning har bir xodimi, yer qadrini bilgan va u bilan tillashgan har bir fidoyi inson teran anglaydi. Erishilayotgan natijalar davlatimiz rahbarining sohaga doimiy eʼtibori va qoʻllab-quvvatlashi samarasi ekanini alohida eʼtirof etadi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 110515 | Инструменты