Huawei 1
O‘zbekistonda may oyigacha gaz va elektr tariflari oshiriladi

O‘zbekistonda neft, gaz va elektr energetika sohasida tarif islohotlari amalga oshiriladi. Islohot doirasida 2024-yilning may oyiga qadar O‘zbekistonda elektr energiyasi, tabiiy va suyultirilgan gaz uchun tariflarni tannarxdan past bo‘lmagan darajaga oshirish loyihasi ishlab chiqiladi. Bu haqda 2024-yilga mo‘ljallangan davlat dasturida ma’lum qilingan.

Shuningdek, ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlamini qo‘llab-quvvatlash maqsadida elektr energiyasi va gaz narxlarini belgilashda “ijtimoiy me’yor” tizimi joriy etiladi. 

O‘tgan yili Energetika vazirligi elektr va gaz aholiga o‘z tannarxidan past qiymatda yetkazib berilayotgani, bir yilda o‘rtacha 1,15 mlrd dollar mablag‘ aholi xonadonlarining energetik ehtiyojini subsidiyalash uchun sarflanayotganini ma’lum qilgan edi. 

“Demak, bir oyda o‘rtacha 200 kVt/soat elektr energiyasi iste’mol qilinganda ham, davlat amalda har bitta iste’molchi uchun 135 ming so‘mdan subsidiya bermoqda. Mamlakatdagi iste’molchilar soni esa 7,4 million xonadonni tashkil etadi.

Xuddi shunday, 1 kub metr gaz tannarxi 1 890 so‘m bo‘lsa, isitish mavsumida 750 kub metr gaz yoqadigan bitta oila o‘rtacha 1 million 132 ming so‘m subsidiya olmoqda. Ayni paytda mamlakatimizdagi gaz iste’molchilarining jami soni 4,1 million xonadonni tashkil qiladi”, degan edi vazirlik. 

Tariflarni tannarxdan past bo‘lmagan miqdorga oshirish uchun Energetika vazirligi va Milliy ijtimoiy himoya agentligi mas’ul etib belgilangan.

Izohlar: 1
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga