Huawei 1
Import bojini 2 karra oshirib qo‘llash bekor qilinadi

Parlament quyi palatasining majlisida ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqilgan “O‘zbekiston Respublikasining Bojxona kodeksiga o‘zgartirishlar va qo‘shimcha kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasiga ko‘ra, savdo-iqtisodiy munosabatlarda eng ko‘p qulaylik berilmagan mamlakatlarda ishlab chiqarilgan tovarlarga nisbatan amaldagi import bojini 2 karra oshirib qo‘llash amaliyotini bekor qilish nazarda tutilmoqda.

— Bugungi kunda mamlakatimizda iqtisodiy salohiyatni to‘laqonli ro‘yobga chiqarish, uning global ishlab chiqarish va qo‘shilgan qiymat zanjiriga integratsiyasini yanada chuqurlashtirish, erkin bozor tamoyillarini amalda tatbiq etishni kengaytirish hamda O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga qo‘shilishini jadallashtirish maqsadida keng qamrovli ishlar amalga oshirilmoqda, — dedi majlisda deputat Nargiza Salomova. — Savdoda adolatli qoidalarni o‘rnatish va bunda barcha a’zolarga teng sharoit yaratish Jahon savdo tashkilotining eng muhim prinsiplaridan biridir.  

Chetdan olib kelinayotgan tovarlar uchun davlatiga qarab turlicha stavkalarning qo‘llanilishi esa teng raqobat muhitiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Shu bois, ushbu yo‘nalishdagi tartiblarni JSTning qoida va me’yorlariga muvofiqlashtirish zaruriyatidan kelib chiqib ishlab chiqilgan mazkur qonun loyihasi bilan savdo-iqtisodiy munosabatlarda eng ko‘p qulaylik berish nazarda tutilmagan mamlakatlarda ishlab chiqarilgan yoxud ishlab chiqarilgan mamlakati aniqlanmagan tovarlarga nisbatan amaldagi import bojlari stavkalarini 2 karra oshirib qo‘llash amaliyotini bekor qilish nazarda tutilmoqda.  

Hozirda O‘zbekiston bilan savdo-iqtisodiy munosabatlarda 57 ta davlat eng ko‘p qulaylik rejimiga ega. Bulardan boshqa davlatlardan olib kiriladigan tovarlar uchun import boji oshirilgan stavkada qo‘llanilar edi. Mazkur hujjatda nazarda tutilayotgan norma esa adolatli savdo qoidalarini o‘rnatishga xizmat qiladi, iqtisodiyotga xorijiy investitsiyalarni keng jalb qilish uchun qulay shart-sharoitlar yaratadi. Shuningdek, milliy qonunchilik normalarini Jahon savdo tashkiloti qoidalariga muvofiqlashtirish, import va eksport geografiyasi oshishiga zamin bo‘ladi, — dedi deputat.  

Majlisda qizg‘in muhokamalardan so‘ng qonun loyihasi qabul qilindi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 51420 | Инструменты