Huawei 1
Humo to‘lov tizimi davlat obligatsiyalari bilan ta’minlangan token chiqaradi

Milliy banklararo protsessing markazi — Humo to‘lov tizimi operatori davlat obligatsiyalari bilan ta’minlangan Humo tokenini chiqarish bo‘yicha pilot loyiha amalga oshirmoqchi ekanini xabar qildi.

O‘zbekiston me’yoriy hujjatlariga ko‘ra, token kriptoaktivning bir turi bo‘lib, u smart kontrakt asosida boshqariladigan, ma’lum bir aktivga bo‘lgan majburiyatni yoki mulk huquqini tasdiqlash uchun mo‘ljallangan ma’lumotlarning taqsimlangan reyestridagi hisob birligidir. Ta’minlangan token esa biror-bir moddiy va (yoki) boshqa mulk bilan ta’minlangan token hisoblanadi.

Davlat obligatsiyalari bilan ta’minlangan token barqarorlikni kafolatlaydi va uning qiymatidagi o‘zgarishlarni nivelirlaydi, deya ta’kidladi kompaniya. Tokenni chiqarish va muomalaga kiritish mexanizmi mamlakatning mavjud moliyaviy infratuzilmasiga integratsiyani hisobga olgan holda ishlab chiqilgan.

35 milliondan ortiq kartalar va mamlakatning bank va savdo infratuzilmasi bilan keng integratsiyalashuvga ega bo‘lgan kompaniya tokenlari “tranzaksiyalar ustidan nazoratni kuchaytirish, „soyali“ operatsiyalar ko‘lamini kamaytirish va mamlakatda naqd pulsiz hisob-kitoblarga bo‘lgan ishonch darajasini oshirish, shuningdek, mamlakatga xorijiy investitsiyalarni jalb qilish imkoniyatini yaratadi”, deyiladi xabarda.

Ushbu loyihani amalga oshirishda kriptoaktivlar aylanmasi sohasidagi milliy xizmat ko‘rsatuvchi provayder — Asterium kompaniyasini, taqsimlangan ma’lumotlar reyestrlarini (blokcheyn) ishlab chiqish sohasidagi xalqaro ekspertlar — Broxus kompaniyasini jalb qilish rejalashtirilmoqda.

Loyiha ikkita texnologiya — EVM va TVM asosida ishga tushirilishi ko‘zda tutilgan. TVM uchun texnologik asos sifatida Tycho — tranzaksiyalar qiymati bo‘yicha yuqori yuklamalarni qo‘llab-quvvatlash, keng miqyoslilik va samaradorlikni ta’minlaydigan protokoli tanlangan.

Humo boshqaruvi raisi Aleksey Maksimovning ta’kidlashicha, haqiqiy aktivlar bilan to‘liq ta’minlangan ushbu tokenni yaratish fuqarolar ishonchini oshiradi, operatsiyalarni soddalashtiradi va mamlakat elektron iqtisodiyotining rivojlanishini tezlashtiradi.

“Ta’minlangan Humo tokenini davlat organlari tomonidan qo‘llab-quvvatlash, uni haqiqiy aktivlarga bog‘lash va tasdiqlangan texnologiyadan foydalanish uni mamlakat moliya tizimiga integratsiyalash uchun mustahkam asos yaratadi. Kelgusida ushbu loyiha doirasida yaratilgan blokcheyn-platforma O‘zbekistonda yangi raqamli xizmatlarni rivojlantirish uchun asos bo‘lishi mumkin”, — deyiladi xabarda.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 51423 | Инструменты