AQSH prezidenti Donald Trampga Qatar tomonidan sovg‘a qilinadigan Boeing 747 samolyoti AQSH Mudofaa vazirligiga (Pentagon) topshirilishini maʼlum qildi.
Prezident samolyot o‘ziga emas, balki AQSH harbiy-havo kuchlariga, yaʼni Pentagonga berilganini taʼkidladi. «Bu Qatarning sovg‘asi, biz uni ko‘p yillar davomida muvaffaqiyatli himoya qilganmiz», deb yozdi Tramp ijtimoiy tarmoqda.
Oq uy rahbari, shuningdek, samolyot yangi Boeing samolyotlari yetkazib berilgunga qadar vaqtincha prezidentning «Birinchi borti» (Air Force One) vazifasini bajarishini qo‘shimcha qildi.
«Agar yaxshi mehnatimiz uchun bizni mukofotlaydigan davlatdan bunday samolyotni tekinga olsak, nega harbiylarimiz, demak, soliq to‘lovchilar ham yuzlab million dollar to‘lashi kerak? Buning o‘rniga, bu mablag‘lar Amerikani yana buyuk qilish uchun ishlatiladi. Davlatimiz nomidan bunday sovg‘adan faqat ahmoq odam bosh tortishi mumkin», dedi Tramp.
The New York Times xabariga ko‘ra, Qatar rasmiylari taklif hali ham ko‘rib chiqilayotganini taʼkidlagan. Oq uyning maʼlum qilishicha, olingan barcha sovg‘alar amaldagi qonunchilikka muvofiq deklaratsiya qilinadi.
Avvalroq Tramp prezidentning hozirgi samolyoti (Air Force One) 40 yildan beri ishlatilayotgani va eskirib borayotganini, shuning uchun Qatar amiriga tegishli Boeing 747-8 qasr-samolyotini qabul qilishini, u mutlaqo bepul bo‘lishini aytgan edi.
Ayni paytda Kongressning demokrat aʼzolari samolyotning narxi taxminan 400 million dollar ekanligini taʼkidlab, Trampning prezidentlik muddati tugaganidan keyin samolyotdan foydalanishi ahloq meʼyorlariga to‘g‘ri kelishiga shubha bildirmoqda.
Alpha version: 0.9.1.19 build 51501 | Инструменты