Huawei 1
Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish jarayoni haqida axborot berildi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 14-may kuni O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish jarayoni va uni jadallashtirish chora-tadbirlari bo‘yicha taqdimot bilan tanishdi.

Davlat rahbarining alohida nazorati asosida 2023-yildan boshlab JSTga a’zo bo‘lish choralari ko‘rilmoqda. O‘tgan davrda ko‘p va ikki tomonlama muzokaralarda muayyan natijalarga erishildi.

Jumladan, Ishchi guruhining to‘rtta muhim yig‘ilishi o‘tkazilib, 500 dan ortiq masalalar ko‘tarildi, 30 dan ziyod rasmiy hujjatlar JST Kotibiyatiga taqdim etildi. A’zolikni jadallashtirish maqsadida sohalarda tizimli islohotlar amalga oshirilmoqda.

Shu bilan birga, ikki tomonlama muzokaralar doirasida 33 ta mamlakat bilan bozorga kirish bo‘yicha muzokaralar olib borilib, bugungi kunga qadar 24 tasi bilan muzokaralar yakunlandi.

JST a’zolari bilan muloqotda yangi yondashuv va islohotlar natijalari ijobiy baholanmoqda. Bu o‘z navbatida O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lish jarayonida ochiqlik, shaffoflik va adolatli savdoga bo‘lgan qat’iy intilishini tasdiqlaydi.

Shu ma’noda, milliy qonunchilikni tashkilot talablariga uyg‘unlashtirish doirasida keng ko‘lamli huquqiy va institutsional islohotlar amalga oshirildi. Xususan, 13 ta qonun, Prezidentning 10 ta farmon va qarori, 19 ta Vazirlar Mahkamasi qarorlari va 10 ta idoralararo normativ-huquqiy hujjat qabul qilindi.

Jumladan, bojxona tartibotlari, eksport-import qoidalari hamda intellektual mulk sohasidagi mexanizmlar bosqichma-bosqich JST standartlariga moslashtirildi, davlat ulushi mavjud bo‘lgan 6 ta korxonada eksklyuziv huquqlar bekor qilindi.

Yig‘ilishda davlatimiz rahbari tomonidan JSTga a’zo bo‘lish jarayonini jadallashtirish hamda uni sifatli va tizimli tashkil etish yuzasidan tegishli topshiriqlar berildi.

Unga ko‘ra, joriy yilda qolgan 9 ta mamlakat bilan ikki tomonlama muzokaralarni yakunlash, Ishchi guruhining 2 ta yig‘ilishini o‘tkazish hamda Ishchi guruhning hisobot loyihasini yakunlash orqali O‘zbekistonning JST doirasidagi majburiyatlarini to‘liq shakllantirish vazifalari aniq belgilab berildi.

Shuningdek, qonunchilikni tashkilot talablariga moslashtirish doirasida 15 ga yaqin normativ-huquqiy hujjatlarni qabul qilish jarayonini jadallashtirish zarurligi ta’kidlandi. Jumladan, “Oziq-ovqat mahsulotlarining sifati va xavfsizligi to‘g‘risida”, “Muhofaza choralari, antidemping va kompensatsiya bojlari to‘g‘risida" yangi tahrirdagi qonunlarni qabul qilishni tezlashtirish hamda bu borada Oliy Majlis Qonunchilik palatasi bilan yaqindan va samarali hamkorlikni ta’minlash Prezident tomonidan muhim vazifa sifatida belgilab berildi.

Texnik jihatdan tartibga solish, sanitariya, fitosanitariya va veterinariya sohalarini isloh qilish, ushbu yo‘nalishlarda kadrlar tayyorlash sifatini oshirish kerakligi alohida qayd etib o‘tildi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 51503 | Инструменты