Huawei 1
“Omikron”ning yangi varianti qaysi tana a’zolariga ta’sir ko‘rsatishi ma’lum bo‘ldi

Avval Hindistonda aniqlanib, so‘ng AQSH, Avstraliya, Singapur, Germaniya kabi bir qator mamlakatlarga kirib kelgan “omikron” shtammining yangi XBB.1.16 — “Arktur” subvarianti Rossiyada ham ro‘yxatga olindi.

Mutaxassislar hozir bu mutasiyaga xos alomatlarni chuqur o‘rganmoqda. Xususan, hind shifokorlari fikriga ko‘ra, virus asosan ko‘zning shilliq qavatiga ta’sir ko‘rsatyapti. Oqibatda qichishish va qizarish bilan kechadigan kon’yunktivit kuzatilmoqda. 

Rossiyalik pediatr-immunolog, tibbiyot fanlari doktori Andrey Prodeusning ta’kidlashicha, o‘ta yuqumli deb baholanayotgan XBB.1.16 versiyasi “kraken”ning yaqin qarindoshi.

Xastalik asosan pollinoz (mavsumiy allergik kasallik) simptomlari bilan juda o‘xshash. Shu bilan birga, yuqori isitma va yo‘tal ham “Arktur”ga xos alomat.

Shifokorlar xulosasiga ko‘ra, endilikda koronavirusning yangi variantlari pnevmoniyani deyarli keltirib chiqarayotgani yo‘q. 

Shunga qaramay, ekspertlar aholiga buster dozada emlanishni tavsiya qilmoqda. Chunki yaqin kelajakda “omikron”ning XBB.1.16 va XBB.1.9 turlari katta ehtimol bilan Yer yuzida dominant versiyaga aylanishi mumkin.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga