Daniya Arktikada mudofaa imkoniyatlarini kengaytirmoqda

Daniya Mudofaa vazirligi ma’lum qilishicha, mamlakat mudofaa vaziri Yyeppe Brus va Farer orollari tashqi ishlar hamda baliqchilik vaziri Bardur a Steyg Nilsen hamkorlikni kuchaytirish va orollarda hamda ular atrofida harbiy faollikni joriy yildan boshlab kengaytirishga kelishib olgan.

Tomonlar kelishuviga muvofiq, Daniya Qurolli kuchlari Farer orollari va ularga tutash hududlardagi ishtirokini mahalliy hokimiyat bilan hamkorlikda bosqichma-bosqich va davriy tarzda oshiradi.

Yyeppe Brusning ta’kidlashicha, bu qaror Daniya qirolligi o‘z hududining barcha qismlari xavfsizligi uchun mas’uliyatni jiddiy qabul qilayotganini namoyon etadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, mazkur choralar Arktikadagi umumiy mudofaa salohiyatini oshirish bo‘yicha keng qamrovli dasturning bir qismi bo‘lib, NATO faoliyatiga ham hissa qo‘shadi.

Daniya Mudofaa vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, kengaytirilayotgan faoliyat Daniya Qurolli kuchlari va Farer orollarining dengiz chegaralarini muhofaza qiluvchi VØRN xizmati o‘rtasida qo‘shma mashg‘ulotlar o‘tkazish, NATOning dengiz operatsiyalarini qo‘llab-quvvatlash, F-35 qiruvchi samolyotlari ishtirokida havo patrullarini amalga oshirish, shuningdek, fregatlar va transport samolyotlarini jalb qilishni o‘z ichiga olishi mumkin.

Farer orollari vaziri Bardur a Steyg Nilsen xavfsizlikka oid barcha tashabbuslar mahalliy hokimiyat bilan yaqin hamkorlikda ishlab chiqilishi va amalga oshirilishi muhimligini ta’kidladi.

Ma’lum qilinishicha, harbiy faollik Daniyaning Arctic Endurance mashg‘ulotlari doirasida amalga oshiriladi va NATO rahbarligidagi Arctic Sentry operatsiyasi bilan muvofiqlashtiriladi.

Bloomberg agentligi qayd etishicha, bu qaror Grenlandiyada Daniya harbiy ishtirokini sezilarli darajada oshirganidan keyin qabul qilinmoqda. So‘nggi oylarda Kopengagen u yerda harbiylar sonini, mashg‘ulotlar ko‘lamini va texnika hajmini ko‘paytirgan.

Daniyaning TV 2 telekanali ma’lumotiga ko‘ra, mamlakat hukumati Rossiya tomonidan Yevropa xavfsizligiga nisbatan harbiy tahdid saqlanib qolayotgani haqida ogohlantirmoqda. Shuningdek, 2022-yilda Daniya va Farer orollari Streymoy orolida yirik radiolokatsiya majmuasini qurishga kelishgan. Uni 2030-yil atrofida ishga tushirish rejalashtirilgan bo‘lib, majmua Atlantika okeanining shimoliy qismidagi havo va dengiz harakatini, jumladan Rossiya samolyotlari hamda kemalarini kuzatish imkonini beradi.

Farer orollari Daniya tarkibidagi avtonom hudud hisoblanadi. Shimoliy Atlantika okeanida joylashgan arxipelag 18 ta vulqon orolidan iborat.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 80504 | Инструменты