Prezident Shavkat Mirziyoyev alohida taʼlim ehtiyojlari boʻlgan bolalarni taʼlim va ijtimoiy xizmatlar bilan qamrab olish, muayyan yashash joyiga ega boʻlmagan hamda odam savdosidan jabrlangan shaxslarni qoʻllab-quvvatlash, shuningdek, imtiyozli transport xizmatlarini raqamlashtirishga qaratilgan takliflar taqdimoti bilan tanishdi.
Keyingi yillarda mamlakatimizda ijtimoiy xizmatlarni aholiga yaqinlashtirish, ehtiyojmand fuqarolarni manzilli qoʻllab-quvvatlash va sohaga nodavlat sektorni jalb etish boʻyicha keng koʻlamli ishlar amalga oshirilmoqda. Soʻnggi uch yilda ijtimoiy xizmatlar soni 23 tadan 140 taga yetdi. Har yili oʻrtacha 4,6 millionta, jumladan, mahalla darajasida qariyb 2 millionta ijtimoiy xizmat koʻrsatilmoqda.
Bugungi kunda mamlakatimizda nogironligi boʻlgan 168 mingdan ortiq bola bor. Ularning 133,8 ming nafari taʼlim va ijtimoiy xizmatlar bilan qamrab olingan. Yana 34,6 ming nafar bolani taʼlimga jalb etish zarur.
Buning uchun ijtimoiy xodimlar ishtirokida “oilabay” ishlash tizimi yoʻlga qoʻyiladi. Har bir bolaning ehtiyojlari erta bosqichda va kompleks baholanib, unga mos taʼlim muhiti hamda zarur xizmatlar belgilanadi. Yangi baholash mexanizmi 2026-yil 1-oktabrdan Xorazm va Navoiy viloyatlarida tajriba tariqasida joriy etiladi.
2026/2027-oʻquv yilidan maxsus maktablarda taʼlim bolaning ehtiyojlari, funksional imkoniyatlari va oʻzlashtirish darajasidan kelib chiqib tuziladigan individual rejalar asosida tashkil etiladi. Koʻzi ojiz pedagoglarga, shuningdek, maxsus maktablarning boshlangʻich sinflariga shaxsiy assistent va yordamchi xodimlar ajratiladi.
Nogironligi boʻlgan bolalarning uyiga yaqin joyda taʼlim olishiga sharoit yaratish maqsadida korreksion sinflar tashkil etgan nodavlat maktablarga har bir oʻquvchi uchun subsidiya ajratiladi. Har yili kamida 50 ta maktabning inklyuziv muhitni yaxshilashga qaratilgan tashabbuslari grant asosida moliyalashtiriladi.
2027-yildan bolalarni matnni oʻqish qurilmalari, ovoz sintezatorlari, Brayl displeylari va boshqa assistiv jihozlar bilan vaucher asosida taʼminlash taklif etildi. 2027/2028-oʻquv yilidan esa nogironligi boʻlgan shaxslarga kirish va sertifikat imtihonlarida qoʻshimcha vaqt, Brayl alifbosi, surdotarjimon, assistent va boshqa zarur sharoitlar yaratiladi.
Muayyan yashash joyiga ega boʻlmagan shaxslarga ijtimoiy xizmatlar koʻrsatish tizimini takomillashtirish boʻyicha ham yangi yondashuvlar ishlab chiqilgan. Hozir respublikada jami 726 oʻringa moʻljallangan 11 ta reabilitatsiya markazi faoliyat koʻrsatmoqda. 2026-yilning birinchi yarmida ularga 1,1 ming nafar shaxs joylashtirilgan.
Amaldagi reabilitatsiya muassasalari vaqtinchalik boshpana va ijtimoiy tiklanish markazlariga aylantiriladi. Boshpanasiz shaxslar ushbu markazlarga oʻz murojaati asosida, “mahalla yettiligi”ning oʻrganish natijalariga koʻra yoki ijtimoiy xodim va profilaktika inspektori koʻmagida joylashtiriladi. Ularning har biri uchun individual reja ishlab chiqilib, hujjatlarni tiklash, tibbiy va ijtimoiy xizmatlar koʻrsatish, kasbga oʻqitish hamda ishga joylashtirish choralari belgilanadi.
Markazlarda bandlikni qoʻllab-quvvatlash boʻlinmalari tashkil etilib, tadbirkorlarga boʻsh joylar imtiyozli shartlarda ijaraga beriladi. Boshpanasiz shaxslarga kasbga oʻqish uchun vaucher ajratish, ularni ijtimoiy ehtiyojmand toifalar qatoriga kiritish va ular uchun ish oʻrinlarini zaxiralash nazarda tutilmoqda. Nodavlat tashkilotlarga davlat ijtimoiy buyurtmalarini joylashtirish orqali vaqtinchalik boshpana, issiq ovqat va kiyim-bosh bilan taʼminlash qamrovi kengaytiriladi.
Odam savdosidan jabrlangan shaxslarni aniqlash va reabilitatsiya qilish mexanizmlarini kuchaytirish masalalari ham muhokama qilindi.
2026-yil 1-sentabrdan “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari orqali mahalla va tuman darajasida odam savdosidan jabrlangan shaxslarning holatini baholash va tegishli xizmatlarga yoʻnaltirish tizimi joriy etiladi.
Ayollarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish respublika markazi hamda uning hududiy markazlari Ayollar va bolalarni reabilitatsiya qilish respublika markazi va hududiy markazlari etib qayta nomlanadi. Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Qashqadaryo, Samarqand va Fargʻona viloyatlaridagi hududiy markazlarda odam savdosidan jabrlangan xotin-qizlar va ularning voyaga yetmagan farzandlarini qabul qilish hamda ularga xizmat koʻrsatish yoʻlga qoʻyilib, qoʻshimcha 40 ta oʻrin yaratiladi.
Shu bilan birga, bola savdosi uchun alohida jinoiy javobgarlik belgilash, odam savdosi bilan bogʻliq jinoyat sodir etgan shaxslarning mehnat va tashqi migratsiya xizmatlari bilan shugʻullanish huquqini cheklash, koʻrsatilayotgan xizmatlarni muntazam monitoring qilish taklif etildi.
Imtiyozli transport xizmatlaridan foydalanish tartibini soddalashtirish masalalari ham koʻrib chiqildi. Bugungi kunda 1941-1945-yillardagi urush nogironlari va qatnashchilari, ularga tenglashtirilgan shaxslar, shuningdek, Chernobil AESdagi halokat oqibatlarini bartaraf etishda qatnashgan 48,4 mingdan ziyod fuqaro bunday imtiyozlardan foydalanish huquqiga ega. 2025-yilda ular transport xizmatlaridan 1,7 million marta foydalangan.
Yangi tartibga koʻra, 11 toifadagi fuqarolarga havo, temir yoʻl va shaharlararo transportda bepul yurish yoki 50 foizlik chegirma beriladi. Qogʻoz talonlar bekor qilinib, chipta xarid qilish uchun ID-karta yoki biometrik pasportni taqdim etish kifoya qiladi. Imtiyoz huquqi “Yagona milliy ijtimoiy himoya” axborot tizimi orqali tekshiriladi.
2027-yil 1-yanvardan imtiyozli avia, temir yoʻl va shaharlararo avtobus chiptalarini “Baraka” ijtimoiy karta mobil ilovasi orqali onlayn xarid qilish imkoniyati yaratiladi.
Davlatimiz rahbari taqdim etilgan takliflarni maʼqullab, yangi xizmatlarni joylarda sifatli yoʻlga qoʻyish va belgilangan chora-tadbirlar ijrosini qatʼiy nazorat qilish boʻyicha topshiriqlar berdi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 80401 | Инструменты