Joriy yil 2 avgust kuni ijtimoiy tarmoqlarda “New Port” turar-joy majmuasida faoliyat yurituvchi mansabdor shaxslar tomonidan Toshkent shahar, Yakkasaroy tumani, Damariq MFY, A.Qahhor ko‘chasi 19-uyda yashovchi fuqarolarga kompensatsiya pullari to‘liq to‘lab berilmayotgani va ushbu uy noqonuniy buzilayotgani haqida videomaterial tarqalgan.
Toshkent shahar prokuraturasining ma’lum qilishicha, o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda “Mega Logistics Servise” MChJ mansabdor shaxslari yuqorida ko‘rsatilgan manzilda yashovchi fuqarolarni majburiy ko‘chirish bo‘yicha ijro harakatlari yakunlanmagan bo‘lsa-da, mazkur uyni o‘zboshimchalik bilan buzib tashlashgani aniqlangan.
Shuningdek, qurilishga tegishli ruxsatnoma olmasdan turib, ushbu hududda 1 ta 20 qavatli, 2 ta 19 qavatli, 1 ta 12 qavatli va 1 ta 2 qavatli turar-joy binolarini o‘zboshimchalik bilan qurilgani ma’lum bo‘lgan.
Tekshiruv natijasiga ko‘ra, “Mega Logistics Servise” MChJ mansabdor shaxslari va boshqalarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, Toshkent shahar prokuraturasi tomonidan dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
Jinoyat ishi tergovi alohida nazoratga olingan bo‘lib, natijasi bo‘yicha qonuniy qaror qabul qilinishi ta’minlanadi, deyiladi xabarda.
Alpha version: 0.9.1.19 build 80504 | Инструменты