Toshkentda 45 tup daraxtni noqonuniy kesish holati aniqlandi

Toshkent shahar Ekologiya va iqlim o‘zgarishi bosh boshqarmasi ma’lum qilishicha, o‘rganish ishlari ijtimoiy tarmoqlarda Jarariq mavzesidagi hovlida 400 ga yaqin daraxt kesib tashlangani haqidagi murojaat ortidan o‘tkazilgan.

Tekshiruvlar davomida murojaatda keltirilgan ma’lumotlar o‘z tasdig‘ini topmagan. green.tashkent.uz elektron daraxtlar bazasiga ko‘ra, mazkur hududda jami 112 tup daraxt ro‘yxatga olingan.

O‘rganishlar natijasida ushbu yer maydoni 2017-yilda tadbirkor tomonidan sotib olingani, keyinchalik esa shu manzilda yashovchi fuqaro o‘z mablag‘i hisobidan 2–3 yillik mevali va manzarali daraxtlar ekkani aniqlangan.

Shuningdek, mazkur fuqaro yollanma ishchilarni jalb qilgan holda 45 tup daraxtni noqonuniy ravishda kesgani hamda 35 tup ko‘chatni belgilangan tartibga rioya qilmasdan Yangihayot tumaniga ko‘chirgani ma’lum bo‘lgan.

Huquqbuzarga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 79-moddasi 1-qismiga muvofiq 10 million 300 ming so‘m miqdorida jarima qo‘llandi. Shuningdek, Vazirlar Mahkamasining 464-sonli qarori asosida tabiatga yetkazilgan zarar 49 million 900 ming so‘m etib hisoblangan.

Bundan tashqari, 24-iyun kuni o‘tkazilgan nazorat tadbirlari chog‘ida MChJ hududida yana 3 tup daraxt tag qismidan kesib tashlangani aniqlangan. Mazkur holat yuzasidan to‘plangan hujjatlar huquqiy baho berish uchun huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuborilgan.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 80504 | Инструменты