Rossiya hududidan faoliyat yuritayotgan hakerlar Britaniya davlat xizmatchilari va muhim infratuzilma sohasida ishlovchi xodimlarning elektron pochta hamda xizmat akkauntlarini buzib, qoʻlga kiritilgan maʼlumotlarni darknet orqali sotuvga qoʻygan. Bu haqda The Telegraph nashri xabar berdi. Ayni paytda ushbu kiberhujum ortida Kreml turgani rasman isbotlangani yoʻq.
Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, hakerlar qo‘lga kiritgan akkauntlar Britaniyaning Tailand va Mavrikiydagi elchixonalarida faoliyat yurituvchi IT-mutaxassislar, shuningdek Derbishir grafligi va Londondagi Uoltem-Forest tumani ma’muriyatlari xodimlariga tegishli.
Buzilgan akkauntlarga kirish imkoni darknetda 60 ming AQSh dollarigacha bo‘lgan narxlarda sotuvga chiqarilgani qayd etilgan.
The Telegraph yozishicha, kiberhujum oqibatida kiberxavfsizlik yechimlari bilan shug‘ullanuvchi Fortinet kompaniyasiga tegishli 80 mingdan ortiq fayrvol (tarmoq himoyasi qurilmalari) zarar ko‘rgan.
Nashrning ta’kidlashicha, sotuvga qo‘yilgan ma’lumotlarning ayrimlari Britaniyaning muhim infratuzilma obektlari IT tizimlariga kirish imkonini beradi. Jumladan, ular orasida Milliy sog‘liqni saqlash xizmati (NHS), mamlakat bo‘ylab dori vositalari yetkazib beruvchi yirik kompaniyalar va energetika sohasi korxonalari ham bor.
The Telegraph bilan suhbatlashgan kiberxavfsizlik bo‘yicha mutaxassislardan biri ma’lumotlar tarqalishi «falokatli oqibatlarga» olib kelishi mumkinligidan ogohlantirgan.
Uning so‘zlariga ko‘ra, NHS muassasalari, dorixonalar, laboratoriyalar va ularning hamkorlari aynan hujumga uchragan tizimlarga o‘xshash dasturiy yechimlarga katta darajada tayanadi. Shu bois, bu kabi ma’lumotlarning yomon niyatlarda qo‘llanishi bemorlar xavfsizligiga ham tahdid solishi mumkin.
Nashr kiberhujum ortida Kreml turganini tasdiqlovchi dalillar hozircha mavjud emasligini alohida qayd etgan. Biroq Rossiya hududida ishlovchi ayrim hakerlik guruhlari xalqaro maydonda beqarorlikni kuchaytirish vositasi sifatida ko‘rilishi va Moskva ularning faoliyatiga ko‘pincha ko‘z yumishi ta’kidlangan.
The Telegraph eslatishicha, 2024 yil may oyida Britaniya Hukumat aloqalari markazi (GCHQ) rahbari Enn Kist-Batler Rossiya hukumati mamlakatdagi nodavlat hakerlik guruhlarini tobora faolroq qo‘llab-quvvatlayotganini aytgan edi.
Nashrga ko‘ra, so‘nggi yillarda Germaniya, Polsha va Daniya ham bir necha bor yirik kiberhujumlarga uchraganini ma’lum qilgan. Ushbu davlatlar ayrim hujumlar uchun Rossiya bilan bog‘liq deb hisoblangan hakerlik guruhlarini mas’ul deb baholagan.
Alpha version: 0.9.1.19 build 70700 | Инструменты