Argentina Davlat razvedka kotibiyati (SIDE) mamlakatda Kreml manfaati uchun ishlaydigan agentlar tarmog‘ini fosh qildi. Bu haqda Argentina prezidenti Xaviyer Miley matbuot kotibi Manuel Adorni xabar berdi.
«Argentinadagi rossiyaliklar mahalliy fuqarolar bilan yaqin hamkorlikda Rossiyaning geosiyosiy manfaatlari yo‘lida shubhali vazifalarni amalga oshirish bilan shug‘ullangan. Tergov Rossiya hukumatiga aloqador «Kompaniya» deb nomlangan tashkilot mavjudligini aniqladi. Bu rossiyalik marhum oligarx Yevgeniy Prigojin rahbarlik qilgan «Laxta» loyihasi bilan bog‘liq. Tashkilotning Argentinadagi yetakchisi Lev Konstantinovich Andriashvili bo‘lgan. U xotini Irina Yakovenko bilan birga tashkilotning mahalliy a’zolarini moliyalashtirish va hamkorlikni rivojlantirish uchun mas’ul bo‘lgan», dedi Adorni.
Adorni so‘zlariga ko‘ra, fosh qilingan tashkilotning maqsadi Argentinada mahalliy hokimiyatga qarshi dezinformatsiya kampaniyasini o‘tkazish uchun Rossiya manfaatlariga sodiq odamlar guruhini yaratish edi. Andriashvili va Yakovenkoning vazifalari ijtimoiy tarmoqlarda kontent yaratish va tarqatish, aloqalarni o‘rnatish va fuqarolik birlashmalari, jamg‘armalar, notijorat tashkilotlarga ta’sir o‘tkazish, shuningdek, undan Rossiya manfaatlarida foydalanish uchun siyosiy ma’lumotlarni olishdan iborat edi. Adorni rossiyaliklarning hibsga olinishi va ularning qayerda ekani haqida hech narsa aytmadi. Ammo u jurnalistlar bilan SIDE tomonidan olingan materiallarning faqat bir qismini baham ko‘rishini ta’kidladi.
29 mayda qabul qilingan radikal immigratsiya islohoti fonida Argentinadagi rossiyalik josuslar bilan bog‘liq yangi mojaro muhokama qilinmoqda. Bu Argentinadagi o‘z maqomini qonuniylashtirishga urinayotgan minglab rossiyaliklarga bevosita ta’sir qildi. Yangi qoidalar ham rezidentlik, ham fuqarolikni olish tartibini jiddiy ravishda murakkablashtiradi. Islohotning sabablaridan biri, Argentina rasmiylariga ko‘ra, onalik turizmiga chek qo‘yish zarurati. So‘nggi uch yil ichida minglab homilador rossiyalik ayollar uning gullab-yashnashiga sabab bo‘ldi. Ular soddalashtirilgan tartibda fuqarolikni olish uchun Argentinada tug‘moqda. Ushbu mamlakat pasporti 170 dan ortiq davlatga, jumladan, Yevropa Ittifoqiga vizasiz kirish imkonini beradi.
Avvalroq, Argentinada rossiyalik agentlar Artyom va Anna Dulsevlar fosh qilingan edi. Ular o‘z farzandi tug‘ilishi tufayli Argentina fuqaroligini olgan. So‘ngra ushbu pasport bilan Sloveniyada Rossiya manfaati uchun josuslik qilgan. Ular 2022 yil dekabrida fosh qilindi va hibsga olindi. 2024 yil avgustida Dulsevlar oilasi Moskva va G‘arb davlatlari o‘rtasida mahbuslar almashinuvi doirasida Rossiyaga qaytib keldi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 61919 | Инструменты