Tojikiston parlamenti Rossiya bilan Sangto‘da GES-1 ni ekspluatatsiya qilish bo‘yicha hamkorlik to‘g‘risidagi bitimga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risidagi protokolni maʼqulladi, deb xabar berdi “Xovar” agentligi.
Protokolning maqsadi — «Barki Tochik» OAJ (Tojikiston davlat milliy energetika kompaniyasi) moliyaviy holatini barqarorlashtirish.
Qayd etilishicha, yangilangan nizomlar mamlakat energetika sohasida quyidagi natijalarga erishish imkonini beradi:
2025 yildan 2034 yilgacha — 2024 yil 31 dekabr holatiga «Barki Tochik»ning Sangto‘da GES-1 oldida elektr energiyasi yetkazib berish bo‘yicha hosil bo‘lgan 3,2 mlrd somoni, yaʼni 297 mln dollar ekvivalentidagi qarzlarini bosqichma-bosqich hisobdan chiqarish;
elektr energiyasini sotib olish tariflarini 3,168 sentdan 1,5 sentgacha, yaʼni 2,1 baravarga pasaytirish, keyinchalik 2032 yil oxiriga kelib 2,2 sentgacha oshirish, bu ham amaldagi tariflardan past;
2033 yildan 2048 yilgacha tariflar 3,3 sent darajasida barqaror bo‘lib qoladi.
Hujjat doirasida tomonlar ulushli kapitalining umumiy hajmi 847 mln dollar miqdorida belgilangan (Rossiyaning ulushi 75 foiz minus bitta aksiya, Tojikistonning ulushi esa 25 foiz plyus bitta aksiyani tashkil etadi). Ushbu obyekt doirasida tomonlarning investitsiyalarini qaytarish muddati 20 yildan 35 yilgacha (qo‘shimcha 15 yil — 2034 yildan 2048 yilgacha) uzaytirildi.
Sangto‘da GES-1 tojik-rus qo‘shma korxonasi 2005 yilda tashkil etilgan bo‘lib, stansiya 2009 yilda to‘liq ishga tushirilgan. Bugungi kunda u mamlakatda ishlab chiqarilayotgan elektr energiyasining qariyb 10 foizini taʼminlaydi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 62001 | Инструменты