Toshkent shahrining Chilonzor tumanida do‘konlardan birida o‘g‘irlik jinoyati sodir etildi. Ikki nafar shaxs soat tungi 02:30 da smartfonlar sotiladigan do‘kon oynasini sindirib, ichkariga kirgan va telefonlarni olib ketgan. Bu haqda poytaxt IIB Matbuot xizmati xabar qilmoqda.
Ertalab soat 10:00 da, yaʼni do‘konni ochish maqsadida kelganimda, do‘konning kirish eshigi, mana, orqamdagi eshik sinib yerda yotgan holatini kuzatdim. Do‘konga kirganimda umumiy hisobda 41 ta iPhone, Apple rusumli telefon va qo‘shimcha telefon mahsulotlari yo‘qolganining guvohi bo‘ldim. Umumiy summada 330 milliondan oshiqroq zarar yetkazilgan. “102”ga qildim, xodimlar, juda tez yetib kelishdi", - deydi do‘kon egasi.
Chilonzor tumani xodimlari tomonidan ikki nafar gumonlanuvchi protsessual tartibda ushlanib, do‘kondan o‘g‘irlangan telefonlar hamda aksessuarlar ashyoviy dalil sifatida olingan.
Aniqlanishicha, gumonlanuvchilardan biri yosh bo‘lishiga qaramay, bundan avval ham uch marotaba o‘g‘irlik jinoyatini sodir etganligi uchun sudlangan va jazoni o‘tab chiqqan.
"Biz og‘aynim bilan rejalashtirgan edik. Men taklif qilganman, u rozi bo‘lgan. O‘sha magazinga bordik. Tosh oldim, shishali eshik edi-da. Eshik sindi, teshik bo‘ldi. U orqasiga qochdi. Kutdik uch-to‘rt minut, kim kelyapti, nima bo‘lyapti, o‘zi hech kim kelmadi. Men bordim, eshikni tepdim. Keyin biz magazinga kirdik. Shkafni ochdim, qarasam seyf turibdi. Seyfni olib chiqdik. Arendaga bolgarka olib, seyfni kesdik. Ichida 41 bitta telefon chiqdi. Men ertalab iPhone 11 Pro‘ni 100 dollarga sotdim. Obed vaqtida yana telefonlar sotdim. Oxirgi sotgan telefonlarim 4,5 million: iPhone 12 Pro, iPhone 13. Telefonlarni sotib, pulini olib, 50 foizini sherigim bilan bo‘lishdik. Men o‘zim uchun ishlatganman", - deydi gumonlanuvchi yigit.
“Men bilmasdan ish qilib qo‘ydim. Akajon, kechirim so‘rayman. Tadbirkordan, xalqimizdan kechirim so‘rayman, yuzini yerga qaratib qo‘yganimga. Boshqa bunaqa qaytarilmaydi.Qilgan ishimdan pushaymonman. Tadbirkorlardan, sherigimdan, tortgani uchun, bu ishga tortgani uchun men kechirim so‘rayman. Xalqimdan ham kechirim so‘rayman. Qilgan ishimdan men pushaymonman. Hech kimga maslahat bermayman unaqa ish qilinglar deb. Bu yomon narsa. Mening oqibatimni qaytarmanglar”, - deydi sherigi.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 169-moddasi 4-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirgi kunda gumonlanuvchi G‘.ga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan. Ikkinchi sherigi voyaga yetmaganligini inobatga olgan holda shaxsiy kafillik ehtiyot chorasi qo‘llanilib, hozirgi kunda dastlabki tergov harakatlari amalga oshirilmoqda.
Alpha version: 0.9.1.19 build 62004 | Инструменты