Xudoyorxon o‘rdasida ko‘ngilochar tadbir o‘tkazgani ortidan direktorga hayfsan berildi

Qo‘qon shahridagi Xudoyorxon o‘rdasi hududida Madaniy meros agentligi bilan kelishmagan holda ko‘ngilochar tadbir o‘tkazgan muzey-qo‘riqxona direktori hayfsan oldi. Bu haqda Madaniy meros agentligi xabar berdi.

Xudoyorxon o‘rdasi hovlisida ko‘ngilochar tadbir o‘tkazilgani aks etgan videolar ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgandi. Madaniy meros agentligi tomonidan olib borilgan o‘rganish ishlarida aniqlanishicha, 3-oktyabr kuni “A.klub” nomi ostida bir guruh ayollar ishtirokida “Chopon pati” tadbiri o‘tkazilgan. Mazkur tadbir Qo‘qon davlat muzey-qo‘riqxonasi rahbariyati tomonidan Madaniy meros agentligi bilan belgilangan tartibda kelishilmagan holda tashkil etilgan.

Madaniy meros agentligining 2024-yilda qabul qilingan tegishli buyrug‘i talablariga muvofiq, davlat muzeylari va muzey-qo‘riqxonalarida o‘tkazilishi rejalashtirilayotgan madaniy-ma’rifiy, ommaviy va boshqa tadbirlar belgilangan tartibda agentlik bilan kelishilishi lozimligi belgilab qo‘yilgan.

Shu bilan birga, davlat muzey-qo‘riqxonasi hududi madaniy meros obyekti sifatida alohida muhofaza qilinishi lozim. Shu sababli mazkur hududda har qanday tadbirni tashkil etishda obyektning madaniy ahamiyati, uning tarixiy qiyofasini asrash, muhofaza qilish va foydalanish talablariga qat’iy rioya etilishi shart.

Yuqoridagi holat yuzasidan Qo‘qon davlat muzey-qo‘riqxonasi direktori M. Mavlonqulovga madaniy meros obyektlarining saqlanishi, ulardan belgilangan tartibda foydalanilishi hamda qonunchilik talablariga rioya etilishi borasidagi xizmat vazifalarini lozim darajada bajarmagani sababli Mehnat kodeksining 312-moddasiga asosan hayfsan intizomiy jazo chorasi qo‘llangan.

Agentlik axborotiga ko‘ra, kelgusida madaniy meros obyektlari va muzey-qo‘riqxonalar hududida tadbirlarni belgilangan tartib va talablarga muvofiq tashkil etish bo‘yicha nazorat choralari kuchaytiriladi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 100615 | Инструменты