Yangi alifbodagi hujjatlar qachondan beriladi? Hukumat qarori loyihasi e’lon qilindi

Hukumat oʻzbek alifbosiga kiritilgan oʻzgartirishlar toʻgʻrisidagi qonun ijrosini ta’minlash boʻyicha chora-tadbirlar loyihasini ishlab chiqdi. Unga koʻra amaldagi ID-kartalar, xorijga chiqish pasportlari, haydovchilik guvohnomalari va avtomobil texnik pasportlarini alifbo oʻzgargani sababli almashtirish talab etilmaydi.

Avvalgi alifboda rasmiylashtirilgan hujjatlar, jumladan, shaxsiy va mulkiy huquqlarni tasdiqlovchi hujjatlar oʻz yuridik kuchini saqlab qoladi.

Shuningdek, Domen nomlari, elektron pochta manzillari, foydalanuvchi nomlari, loginlar, hisobvaraq va shartnoma raqamlarini alifbo oʻzgarishi sababli majburiy almashtirish yoki qayta roʻyxatdan oʻtkazish talab qilinmaydi.

Milliy valyuta va qimmatli qogʻozlardagi eski harflar ularning amal qilishiga toʻsqinlik qilmaydi.

Qonun kuchga kirgandan keyin yangi beriladigan ID-kartalar, biometrik pasportlar, haydovchilik guvohnomalari, avtomobil texnik pasportlari va kadastr hujjatlari yangilangan alifboda rasmiylashtiriladi. Eski blankalardan 2028-yil 1-yanvargacha foydalanishga ruxsat beriladi.

Davlat organlari, xoʻjalik birlashmalari va boshqa yuridik shaxslarning rasmiy hujjatlari, yozishmalari va axborotlari yangilangan alifboda tayyorlanadi.

OAV tarqatadigan axborot va materiallar, shuningdek, matbaa-nashriyot mahsulotlari yangilangan alifboda tayyorlanadi va chop etiladi.

Elektron davlat xizmatlari, davlat reyestrlari, ma’lumotlar bazalari va hujjat aylanishi tizimlari yangilangan alifboga moslashtiriladi.

Bosqichma-bosqich amalga oshiriladigan ishlar:

Maktab darsliklari 2027–2031-yillarda sinflar va fanlar kesimida bosqichma-bosqich yangi alifboda nashr etiladi.

Aeroport, vokzal, jamoat transporti va yoʻl infratuzilmasidagi yozuvlar 2027-yildan boshlab rejali ravishda moslashtiriladi.

Yangi alifboga mos klaviaturalar, imlo tekshiruvchi va matnni oʻgiruvchi dasturlar, elektron lugʻatlar ishlab chiqiladi. Jamoatchilik muhokamasi 6-dekabrga qadar davom etadi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 112312 | Инструменты