15-iyul kuni Buxoro viloyati Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi boshqarmasi ekologik nazorat inspeksiyasi xodimlari tomonidan Peshku tumanining “Safron” cho‘l massivida navbatdagi reyd tadbiri o‘tkazildi.
Reyd tadbiriga viloyat ekologiya boshqarmasi inspeksiya boshlig‘i J.Toshev boshchiligidagi ekologik nazorat inspeksiyasi xodimlari A. Qurbonov, B. Ro‘ziyev, J. Yadgarov, F. Murodov, N. Muhammadiyev va O. Hesenovlar jalb etilgan.
Reyd davomida inspektorlar Xorazm viloyatida yashovchi fuqarolar tomonidan (shaxsi noma’lum) “ZIL” rusumli yuk mashinasi bilan cho‘l massivi hududidan noqonuniy ravishda saksovul o‘simligini kesib, yuk mashinasiga ortgan holda cho‘lning ichki yo‘li orqali ketayotganini ko‘rib qolishgan va boshqarmaga tegishli “JAK” rusumli avtomashinasi bilan yuk mashinasini ta’qib qilishgan.
Kuzatuv davomida taxminan 110 km masofadan so‘ng yuk mashinasi G‘uzor–Buxoro–Nukus A-380 avtomobil yo‘lining Buxoro viloyatidan Xorazm viloyati yo‘liga chiqib, harakatni davom ettirgan. Shundan so‘ng J. Toshev avtomobil yo‘li bo‘ylab 5 km masofadan so‘ng boshqarma inspeksiya xodimlari N.Muhammadiyev va O.Hesenovlarni orqadan kelayotgan boshqa avtomashinalarni nazorat qilish uchun tushirib, o‘zi “ZIL” rusumli yuk mashinasining ortidan kuzatuvni davom ettirgan. U yuk mashinasidan o‘tib ketganida taxminan 200 metr masofada Xorazm viloyatiga tegishli davlat raqami "90 X 780 XX" bo‘lgan oq rangli “ISUZU” rusumli yuk mashinasi yo‘lini to‘sgan. Mashinadan notanish fuqarolar qo‘lida har xil turdagi sovuq qurollar (bita, armatura, temir truba) bilan tushib kelib, boshqarmaning avtomashinasini urib, pachoq qilishgan hamda inspeksiya boshlig‘ini har xil nojo‘ya so‘zlar bilan haqoratlashgan. Shundan so‘ng J. Toshev voqea joyidan ketgan.
Bundan tashqari, huquqbuzarlar boshqarma inspeksiya xodimlari N. Muhammadiyev va O.Hesenovlarni yuz va tana qismlarining barcha sohasiga urib, turli xil og‘ir tan jarohatlari yetkazishgan (N.Muhammadiyevning oyog‘i singan). Keyin ularni yuk mashinasining bortiga yuklab, o‘zlari bilan olib ketayotgan vaqtda inspektorlar harakatlanib turgan yuk mashinasining orqa bort qismidan o‘zlarini tashlab, qochishga ulgurishgan.
Ayni damda mazkur holat yuzasidan Xorazm viloyati Tuproqqal’a tuman prokuraturasi tomonidan tergov ishlari olib borilmoqda.
Alpha version: 0.9.1.19 build 71802 | Инструменты