Hukumatning jazoni ijro etish muassasalaridan ozod qilingan shaxslarga nafaqa tayinlash va to‘lash tartibini takomillashtirishga doir qarori qabul qilindi.
Unga muvofiq, Jazoni ijro etish muassasalaridan ozod qilingan shaxslarga bir martalik nafaqa tayinlash va to‘lash tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.
Qarorga ko‘ra, nafaqa tayinlash uchun murojaat qilish, murojaatlarni ko‘rib chiqish va nafaqa tayinlash “E-probatsiya” axborot tizimi orqali amalga oshiriladi.
Nafaqa tuman (shahar) probatsiya bo‘linmalari tomonidan tayinlanadi hamda mahalliy byudjetdan ajratiladigan mablag‘lar hisobidan to‘lanadi.
Tayinlangan nafaqa “E-probatsiya” axborot tizimi orqali taqdim etilgan maʼlumotlar asosida to‘lanadi.
Ijtimoiy himoya milliy agentligi tomonidan har oyning 2-sanasiga qadar o‘tgan oyda to‘langan nafaqalarning umumiy summasidan kam bo‘lmagan miqdordagi mablag‘lar to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnoma tuzilgan tijorat banki yoki boshqa ixtisoslashgan tashkilot hisobvarag‘iga o‘tkazib beriladi.
Jazoni ijro etish muassasalaridan ozod qilingan shaxslarning murojaatiga asosan «Yagona reyestr» AT orqali elektron yuborilgan to‘lov qaydnomalariga muvofiq nafaqa tijorat banki tomonidan naqd pul shaklida to‘lanadi yoki ularda mavjud bank kartalariga o‘tkazib beriladi.
2025 yil 1 sentyabrga qadar “E-probatsiya” axborot tizimi «Yagona reyestr» ATga integratsiya qilinadi hamda “E-probatsiya” axborot tizimi orqali nafaqa tayinlash bo‘yicha murojaatlarni qabul qilish, ko‘rib chiqish va tayinlashning barcha texnik imkoniyatlari yaratiladi.
Mazkur Nizom jazoni ijro etish muassasalaridan ozod qilingan shaxslarga bir martalik nafaqa tayinlash va to‘lash tartibini belgilaydi.
Nafaqa O‘zbekistondagi jazoni ijro etish muassasalaridan ozod qilingan O‘zbekiston fuqarolari, O‘zbekistonda doimiy yashaydigan chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarga tayinlanadi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 71801 | Инструменты