Xalq tabobati bilan shug‘ullanish uchun litsenziya kimlarga va qay tartibda beriladi?
SSV Matbuot xizmati ushbu savolga Sog‘liqni saqlash vazirligi bo‘lim boshlig‘i Shaxobiddin Gulyamovdan javob oldi.
— Xalq tabobati ixtisosligi bo‘yicha tibbiy faoliyatga litsenziya berish Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 21 fevraldagi 80-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Maxsus elektron tizim orqali ayrim faoliyat turlarini litsenziyalash tartibi to‘g‘risida”gi yagona Nizom talablari asosida amalga oshiriladi, — deydi Sh.Gulyamov.
— Ushbu litsenziya Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan faqat yuridik shaxslar uchun beriladi.
Buning uchun yuridik shaxs o‘z elektron raqamli imzosi (ERI) yordamida “Litsenziya” axborot tizimi (license.gov.uz) orqali elektron shaklda ariza yuboradi.
Ariza 30 kun muddatda ko‘rib chiqilib, uning uchun to‘lanadigan yig‘im bazaviy hisoblash miqdorining 2 baravarini tashkil etadi. Shuningdek, litsenziya berilganligi uchun bazaviy hisoblash miqdorining 5 baravari miqdorida davlat boji to‘lanadi.
Tibbiy faoliyatga litsenziya olish uchun quyidagilar talab etiladi:
vrach mutaxassis — oliy tibbiy maʼlumotga, xalq tabobati ixtisosligi bo‘yicha amaldagi malaka toifasiga hamda so‘nggi besh yil ichida malaka oshirganligi to‘g‘risidagi hujjatga ega bo‘lishi (tibbiy maʼlumoti bo‘lmagan mutaxassislar uchun Respublika xalq tabobati ilmiy-amaliy markazi tomonidan xalq tabobati bo‘yicha o‘quv kursini tugatganligi bo‘yicha berilgan guvohnoma) ega bo‘lishi;
tibbiyot xodimida — sterilizatsiya uskunasida ishlash bo‘yicha o‘quvdan o‘tganligini tasdiqlovchi hujjat (agar sterilizatsiya talab etilsa);
mulk huquqi yoki boshqa ashyoviy huquq bilan tegishli bo‘lgan, sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlariga mos litsenziyalangan faoliyat turini amalga oshirishga mo‘ljallangan xonalar;
mulk huquqi yoki boshqa ashyoviy huquq bilan tegishli bo‘lgan, belgilangan metrologik va texnika xavfsizligi meʼyorlariga mos uskunalar hamda boshqa texnika vositalari.
Amaldagi qonunchilikka muvofiq tibbiy maʼlumotga ega bo‘lmagan shaxslar ham xalq tabobati bo‘yicha tibbiy faoliyat yuritishlari mumkin.
Buning uchun ular Respublika xalq tabobati ilmiy-amaliy markazida tegishli o‘quv kursini tamomlab, maxsus guvohnoma olishi hamda yuridik shaxs tashkil etib, xalq tabobati ixtisosligi bo‘yicha tibbiy faoliyatga litsenziya olishlari talab etiladi.
Shuningdek, litsenziya olmoqchi bo‘lgan yuridik shaxsda mavjud bo‘lishi talab etiladigan tibbiy asbob-uskunalar ro‘yxati Adliya vazirligida 2017 yil 28 iyulda 2905-son bilan ro‘yxatdan o‘tkazilgan talablarning 54 prim-1 va prim-2-bandlari bilan belgilangan.
Ushbu faoliyatga litsenziya olishda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi, Favqulodda vaziyatlar hamda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirliklarining hududiy boshqarmalari bilan kelishish talab etiladi.
Maʼlumot uchun, hozirgi kunga qadar 131 ta yuridik shaxs Sog‘liqni saqlash vazirligidan xalq tabobati ixtisosligi bo‘yicha tibbiy faoliyatga litsenziya olgan.
Alpha version: 0.9.1.19 build 52103 | Инструменты