Toshkent shahrida ko‘plab odamlarni chuv tushirgan ona va o‘g‘il jinoiy jazoga tortildi.
Sud hujjatida keltirilishicha, 1992 yilda tug‘ilgan, xavfli retsidivist bo‘lgan Farrux Maxamatov 2022 yilning 4 aprelida Arkenstone, 2023 yilning 15 mayida Vesco Cottage kompaniyalarini ta’sis etgan. U fuqarolarga arzon va uzoq muddatli to‘lovlar evaziga uy-joy qurib berish haqida yolg‘on va’dalar bergan.
Farrux Maxamatov Olmazor, Yunusobod va Yashnobod tumanlarida kottejlar qurish to‘g‘risida internetda e’lonlar joylashtirgan. Mijozlarga 125 mln so‘m boshlang‘ich to‘lovni to‘lab, kottejlarni 20 yilga bo‘lib-bo‘lib to‘lashga sotib olishni taklif qilgan. Biroq korxonalarda uy-joy qurish uchun yer uchastkalari bo‘lmagan.
“Tadbirkor” shu tariqa firibgarlik yo‘li orqali 161 nafar fuqarodan “Arkenstone” MChJga 8 mlrd 665 mln so‘m, “Vesco Cottage” MChJga esa 11 mlrd 258 mln so‘m pul tushirishga erishgan. So‘ngra u pul mablag‘larini erkin tasarruf etish maqsadida onasi, 1973 yilda tug‘ilgan Feruza Maxamatova bilan uyushgan guruh manfaatlari yo‘lida bir guruhga birlashgan.
Farrux Maxamatov pullarni bank plastik kartaga zaym tariqasida o‘tkazib, dollarga konvertatsiya qilgan. So‘ngra London shahrida ro‘yxatdan o‘tgan valuta birjasida o‘zi va onasi nomiga ochilgan elektron hamyonga o‘tkazib yuborgan.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Yunusobod tuman sudining 2025 yil 12 martdagi hukmi bilan Farrux Maxamatov Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) 4-qismi “a,v” bandlari va 243-moddasida (jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish) nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir qilishda aybli deb topilgan. Unga 12 yil 1 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan. Jazoni qattiq tartibli koloniyalarda o‘tattirish belgilangan.
Feruza Maxamatova ham Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi “a,v” bandlari hamda 28,243-moddasi bilan Jinoyat kodeksining 57-moddasini qo‘llagan holda 5 yil 1 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosiga tortilgan.
Sud hukmida “Vesco Cottage” MChJ hisobraqamida bo‘lgan 634 mln 239 ming so‘m, Feruza Maxamatova nomidagi plastik kartada saqlanayotgan 187 mln 950 ming so‘m hamda VISA plastik kartasida saqlanayotgan 5 mlrd 244 mln 751 ming so‘m, kripto-hamyon manzilida saqlanayotgan, 2 mlrd 482 mln 932 ming so‘m qiymatga teng bo‘lgan 192 ming USDT kripto-aktivlar jabrlanuvchi va fuqaroviy da’vogarlarga yetkazilgan moddiy zararni qoplashga qaratilgani qayd etilgan. Jabrlanuvchilarga yetkazilgan zararning qolgan qismini sudlanuvchilardan solidar tartibda undirish belgilangan.
Toshkent shahar sudi jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati apellyatsiya instansiyasining 2025 yil 1 maydagi ajrimi bilan dastlabki sud hukmi o‘zgarishsiz qoldirilgan.
Qayd etilishicha, Farrux Maxamatov bungacha ham firibgarlik jinoyatini sodir qilib, bir necha bor sudlangan. Jumladan, u jinoyat ishlari bo‘yicha Olmazor tuman sudining 2020 yil 23 apreldagi hukmiga ko‘ra 5 yil, jinoyat ishlari bo‘yicha Qarshi shahar sudining 2020 yil 1 iyuldagi hukmiga ko‘ra 7 yil 6 oy, jinoyat ishlari bo‘yicha Yunusobod tuman sudining 2020 yil 26 noyabrdagi hukmiga ko‘ra 7 yil 8 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosiga tayinlangan. Jinoyat ishlari bo‘yicha Olmaliq shahar sudining 2022 yil 14 martdagi ajrimiga ko‘ra o‘talmay qolgan 5 yil 1 oy 8 kun ozodlikdan mahrum qilish jazosi shu muddatga ish haqining 20 foizini davlat daromadi hisobiga ushlab qolgan holda axloq tuzatish ishlari jazosiga almashtirilgan.
Alpha version: 0.9.1.19 build 50620 | Инструменты