Forumda ikki mamlakat oʻrtasidagi gumanitar hamkorlikni rivojlantirish, an’anaviy qadriyatlarni targʻib etishda OAVning oʻrni hamda zamonaviy media makonidagi dolzarb masalalar muhokama qilinmoqda.
Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi va Rossiyaning TASS axborot agentligi hamkorligida tashkil etilayotgan mazkur yigʻinda davlat hokimiyati organlari, yetakchi ommaviy axborot vositalari hamda nodavlat notijorat tashkilotlari vakillari ishtirok etmoqda.
Ikki kun davom etadigan forumda raqamli transformatsiya sharoitida Oʻzbekiston va Rossiya media tashkilotlari oldida turgan asosiy vazifalar, axborot sohasidagi yangi imkoniyatlar va hamkorlik istiqbollari atroflicha koʻrib chiqiladi. Bugun boʻlib oʻtadigan yalpi majlis Oʻzbekiston va Rossiyaning media, kommunikatsiya va axborot sohalaridagi strategik sherikligiga bagʻishlanadi.
Forum doirasida toʻrtta ishchi sessiya oʻtkazilishi rejalashtirilgan:
1-sessiyada turizm, sport va gumanitar almashinuvlarni rivojlantirishda ommaviy axborot vositalarining oʻrni muhokama qilinadi.
2-sessiya ikki mamlakat axborot makonini jadal raqamli transformatsiya sharoitida rivojlantirish istiqbollariga bagʻishlanadi. Unda kontent yaratish va tarqatishning zamonaviy texnologiyalari, jumladan, sun’iy intellektdan foydalanish imkoniyatlari xususida fikr almashiladi.
3-sessiyada Oʻzbekiston va Rossiyada axborot iste’moli madaniyatining oʻzgarishi, an’anaviy ommaviy axborot vositalarining oʻrni hamda raqamli platformalarning jadal rivojlanishi bilan bogʻliq masalalar koʻrib chiqiladi.
4-sessiyada esa an’anaviy qadriyatlarni asrab-avaylashda ommaviy axborot vositalari va mediaplatformalarning ahamiyati, shuningdek, auditoriya bilan ishlashning yangi texnologiyalaridan samarali foydalanish masalalari muhokama qilinadi.
Bundan tashqari, hujjatli va badiiy filmlarni hamkorlikda ishlab chiqarish, turli mavzularga bagʻishlangan qoʻshma maxsus medialoyihalarni amalga oshirish imkoniyatlarini koʻrib chiqish rejalashtirilgan.
Mediaforum doirasida kibermakonda axborot xavfsizligini ta’minlash va bolalarni himoya qilish masalalariga bagʻishlangan seminar ham tashkil etiladi. Shuningdek, internetda tarqalayotgan yolgʻon axborotlar va generativ sun’iy intellekt yordamida yaratilgan kontentning haqqoniyligini tekshirish boʻyicha mahorat darslari oʻtkaziladi.
Forum doirasida qator ikki tomonlama muzokaralar ham boʻlib oʻtishi kutilmoqda.
Ma’lumot oʻrnida: Oʻzbekiston – Rossiya mediaforumi uchinchi bor tashkil etilmoqda. Ilk forum 2018 yil 6 oktyabrda Toshkentda oʻtkazilgan. Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi (OʻzA), Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, «Oʻzbekiston 24» va «Yoshlik» telekanallari, Rossiyaning «Birinchi kanal» telekanali, «NTV Plyus», shuningdek, TASS va «Rossiya segodnya» axborot agentliklari tomonidan oʻtkazilgan Birinchi Oʻzbekiston – Rossiya mediaforumi ikki mamlakat media sohasi vakillari oʻrtasida doimiy muloqotni rivojlantirishda muhim qadam boʻldi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 110921 | Инструменты