O‘zbekistonda xususiy klinikalar soni 9 mingdan oshdi va kelgusi yildan shifokorlarni xalqaro standartlar asosida davlat ro‘yxatidan o‘tkazish tizimi joriy qilinadi. Prezident 2027-yildan mutaxassislar to‘liq rezidentura orqali tayyorlanishini va tibbiyot byudjeti 49 trillion so‘mga yetganini ma'lum qildi.
Hurmatli tibbiyot xodimlari!
Muhtaram soha faxriylari!
Avvalo, siz, azizlarni kasb bayramingiz – Tibbiyot va farmatsevtika xodimlari kuni bilan chin qalbimdan muborakbod etaman.
Ushbu qutlug‘ ayyomda o‘z hayotini inson salomatligini asrashdek olijanob ishga bag‘ishlagan sog‘liqni saqlash sohasining barcha jonkuyar va zahmatkash xodimlariga o‘zimning yuksak hurmatimni izhor etib, fidokorona mehnati uchun chuqur minnatdorlik bildiraman.
Keyingi yillarda “Yangi O‘zbekistonga – yangi va zamonaviy tibbiyot” degan ezgu g‘oya asosida amalga oshirayotgan islohotlarimiz tufayli sohaga ajratilayotgan mablag‘lar hajmi 7 barobar ko‘paytirilib, joriy yilda 49 trillion so‘mga yetkazildi. Tibbiyot muassasalarining moddiy-texnik bazasi, kadrlar salohiyati mustahkamlanib, ularning faoliyatiga eng zamonaviy diagnostika va davolash texnologiyalari, innovatsion yondashuvlar keng tatbiq qilinmoqda.
Joylarda birlamchi tibbiy-sanitariya yordami ko‘rsatish bo‘yicha yangi model bosqichma-bosqich joriy etilmoqda.
Infarkt va insultga qarshi kurashish, onkologik va gematologik kasalliklarni erta bosqichda aniqlash, palliativ yordamni rivojlantirish borasida ilk bor o‘z milliy tizimimiz barpo etilgani ham diqqatga sazovordir.
Poliklinika va shifoxonalar, xususiy klinika va dorixonalarni yagona raqamli tizimga birlashtirganimiz, DMED elektron axborot tarmog‘i orqali 38 milliondan ziyod aholining tibbiy kartasi yaratilgani, “Elektron poliklinika”, “Elektron shifoxona”, “Elektron retsept” tarmoqlari yo‘lga qo‘yilayotgani xizmat ko‘rsatish sifati va samarasini tubdan oshirmoqda. Endi, sun’iy intellektni shifokor va hamshiralarga xizmat qiladigan ko‘makchiga aylantirib, bu tizim imkoniyatlarini yanada kuchaytiramiz.
Davlat tibbiy sug‘urtasi doirasida “Mablag‘ bemor ortidan boradi” tamoyili joriy etilgani, moliyalashtirishda yangi mexanizmlar shakllangani, reimbursatsiya dasturi asosida aholiga bepul beriladigan dori vositalari ko‘lami kengaytirilgani ham muhim o‘zgarishlar qatoriga kiradi. Shu yil oxirigacha barcha hududlarda sug‘urta mexanizmlarini to‘liq yo‘lga qo‘yib, aholini kafolatlangan tibbiy yordam bilan qamrab olishni reja qilganmiz.
Asosiy maqsadimiz – qayerda yashashi va ijtimoiy holatidan qat’i nazar, har bir inson vaqtida sifatli va malakali tibbiy yordam olish imkoniga ega bo‘lishiga erishishdan iborat.
Ta’lim va ilm-fan rivojiga qaratilayotgan e’tibor tufayli 2017 yildan buyon tibbiyot oliygohlariga qabul kvotasi 4,5 karra ko‘paydi. Ularning 40 ta ta’lim dasturi xalqaro akkreditatsiyadan o‘tkazildi. Ilgari bu oliygohlarga 4 ta davlatdan talabalar kelib o‘qigan bo‘lsa, hozir bu raqam 41 taga yetdi, chet ellik talabalar soni esa 15 ming nafardan oshdi.
Kelgusi yildan tibbiyot va farmatsevtika xodimlarini xalqaro standartlarga muvofiq davlat ro‘yxatidan o‘tkazish tizimi yo‘lga qo‘yiladi. 2027–2028 o‘quv yilidan boshlab tibbiyot mutaxassislarini tayyorlash to‘liq rezidentura dasturlari orqali amalga oshiriladi.
Xususiy tibbiyot tarmog‘i jadal rivojlanib, sohada sog‘lom raqobat, tanlash imkoniyati paydo bo‘lmoqda. Buni yurtimizdagi xususiy klinikalar soni so‘nggi o‘n yilda 3 ming 500 tadan 9 mingdan ziyodga oshgani, ularga ruxsat etilgan ixtisoslashtirilgan tibbiy xizmatlar turi 50 tadan 213 taga yetgani misolida yaqqol ko‘rish mumkin.
Farmatsevtika sanoatida ishlab chiqarish, eksport va investitsiyalar hajmi kengaymoqda. Mahalliy korxonalarda 6 ming 800 dan ortiq turdagi dori vositalari tayyorlanmoqda. Farmatsevtika mahsulotlari 50 dan ziyod mamlakatga eksport qilinmoqda.
Mamlakatimizda o‘rtacha umr ko‘rish davomiyligi 73,8 yoshdan 75,4 yoshga yetgani biz uchun eng muhim ko‘rsatkichdir. Oldimizda ushbu raqamni 78 yoshga yetkazish, kasalliklarning oldini olish, erta tashxis qo‘yish va samarali davolash sohasidagi ishlarimizni yangi bosqichga ko‘tarish bo‘yicha katta vazifalar turibdi.
Yaqinda soha vakillari bilan bo‘lgan uchrashuvda ana shu masalalar haqida, tibbiyot va farmatsevtika xodimlarini moddiy va ma’naviy qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risida batafsil gaplashib oldik.
Bunday dolzarb vazifalarni hal etishda sizlar yanada yuksak samara bilan mehnat qilib, sohani jadal rivojlantirishga bundan buyon ham munosib hissa qo‘shasiz, deb ishonaman.
Qutlug‘ bayramingiz bilan yana bir bor tabriklayman. Sizlarga mustahkam sog‘liq, oilaviy baxt, xonadonlaringizga tinchlik-xotirjamlik va sharafli faoliyatingizda muvaffaqiyatlar tilayman.
Alpha version: 0.9.1.19 build 110720 | Инструменты