Toshkent aeroportida 227 mln so‘mlik iPhone‘larni yashirincha olib kirayotgan shaxslar aniqlandi

Toshkent xalqaro aeroportida umumiy qiymati 227 mln so‘m bo‘lgan iPhone smartfonlarini yashirincha olib kirishga uringan uch nafar yo‘lovchi aniqlandi. Bu haqda Bojxona qo‘mitasi xabar berdi.

Maʼlum qilinishicha, 20—22-sentyabr kunlari Dubaydan uchib kelgan uch nafar yo‘lovchi 8 ta yangi iPhone 18 va 6 ta iPhone 17 smartfonini olib kirishga uringan. Mobil qurilmalar bojxona xodimlarining og‘zaki so‘rovida ham, yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasida ham ko‘rsatilmagan.

Amaldagi tartibga ko‘ra, jismoniy shaxslar o‘z ehtiyoji uchun ikkitagacha mobil qurilma olib kirishi mumkin. Ularning qiymati tovarlarni bojsiz olib kirish meʼyoridan oshsa, oshgan qismi uchun 30 foiz miqdorida yagona bojxona to‘lovi undiriladi.

Chetdan olib kirilayotgan mobil qurilmalar yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasida ko‘rsatilishi shart. Ushbu deklaratsiya keyinchalik qurilmani UzIMEI tizimida ro‘yxatdan o‘tkazish uchun asos bo‘lib xizmat qiladi.

Bojxona qo‘mitasi maʼlumotiga ko‘ra, telefon deklaratsiyada ko‘rsatilgan taqdirda bojsiz olib kirish meʼyoridan oshgan qismi uchun to‘lov undiriladi. Noqonuniy olib kirilgan telefonlar uchun esa ularning to‘liq qiymatidan 30 foiz to‘lov undiriladi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 93000 | Инструменты