MMT vaziri Namangandagi fojia yuz bergan bog‘chaga borib, holatni nazoratga olganini ma'lum qildi

O‘zbekiston Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri E’zoza Karimova Namanganda 5 yashar qizaloqqa qilingan zo‘ravonlik ortidan hodisaga munosabat bildirib, bolalar taqdiriga befarq, o‘z vazifasiga mas’uliyatsiz munosabatda bo‘lgan insonlarning ta’lim tizimida ishlashiga yo‘l qo‘yilmasligini bildirdi. Bu haqda vazir o‘zining Telegram-kanalida e’lon qilgan rasmiy bayonotida so‘z ochdi.

Karimova o‘z munosabatida Namangan viloyati Uchqo‘rg‘on tumanidagi davlat maktabgacha ta’lim tashkilotida yuz bergan voqea uni nafaqat vazir, balki ona sifatida ham qattiq larzaga solganini bildirgan. 

“Bolaning xavfsizligi uchun javobgar bo‘lgan insonlarning o‘z vazifasiga loqayd munosabatda bo‘lishini hech qanday sabab bilan oqlab bo‘lmaydi”, degan vazir.

E’zoza Karimova voqeadan xabar topganida Andijon viloyatida bo‘lganini, o‘sha kuni Toshkentga qaytish o‘rniga Namanganga borib, vaziyatni joyida o‘rganganini qayd etgan. 

Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri shu o‘rinda, nega bu haqda avvalroq ommaga ma’lumot berilmaganiga izoh berib o‘tgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, holat yuzasidan tergov olib borilayotgani sababli surishtiruv jarayoniga xalaqit bermaslik, eng avvalo, qizaloqning manfaatlari va shaxsiga doir ma’lumotlarni himoya qilish uchun voqea tafsilotlari oshkor qilinmagan. Shuningdek, Karimova vakolatli organlarning xulosalari kutilayotgan vaqtida ham vazirlik o‘z vakolati doirasida holatni o‘rganish va tegishli choralarni ko‘rish ishlarini davom ettirganini ma’lum qilgan.

Bildirilishicha, voqeaga aloqadorlikda gumon qilinayotgan barcha xodimlar ishdan olingan. Vazirlik tomonidan holatni atroflicha o‘rganish, mas’ullarning xizmat vazifalarini qanday bajarganini aniqlash hamda ularning o‘z lavozimiga loyiqligini ko‘rib chiqish uchun maxsus ishchi guruh tuzilgan. 

“Ushbu jarayonlarni shaxsiy nazoratimga olganman”, deydi Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri.

E’zoza Karimovaning qayd etishicha, o‘rganish davomida kim o‘z vazifasini bajarmagani, kim beparvolikka yo‘l qo‘ygani va kim ushbu holatga ko‘z yumganiga aniqlik kiritilishi kerak. Uning ma’lum qilishicha, bolalar xavfsizligini ta’minlashga mas’ul bo‘lgan har bir xodim va rahbarning faoliyatiga shu mezon asosida baho beriladi. Ularning lavozimi yoki xizmat tajribasidan qat’i nazar, vazirlik vakolati doirasida qat’iy choralar ko‘riladi. Aybdor deb topilgan shaxslar esa qonunchilikda belgilangan tartibda javobgarlikka tortiladi.

“Ayni kunlarda maxsus ishchi guruh mamlakatimizdagi barcha maktabgacha ta’lim tashkilotlari xodimlarining – rahbarlardan tortib texnik xodimlargacha – faoliyatini o‘rganmoqda”, deb yozgan Karimova.

Shu bilan birga, bu jarayonda aniqlangan har bir kamchilikning sababi va unga yo‘l qo‘ygan mas’ullarning javobgarligi ko‘rib chiqilishi aytilgan. Ko‘riladigan choralar bolalar uchun xavfsiz muhit yaratishga va bunday voqealarning takrorlanishiga yo‘l qo‘ymaslikka xizmat qilishi kerakligi ta’kidlangan.

Shu o‘rinda, Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri tizimdagi barcha rahbar va xodimlarga murojaat qilib, ularga ishonib topshirilgan har bir bolaning xavfsizligi ularning kundalik faoliyatidagi eng asosiy talabi bo‘lishi shartligini aytgan. 

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 93019 | Инструменты