“Suv omborlari va ularga tutash hududlardan foydalanishni tartibga solish hamda xavfsizlikni ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident qarori qabul qilindi.
Qarorga ko‘ra, suv omborlari va ularga tutash hududlarda turizm xizmatlarini tashkil etgan tadbirkorlarga 2029 yil 1 oktyabrga qadar quyidagi imtiyozlar beriladi:
- yuridik shaxslar uchun yer solig‘i va mol-mulk solig‘i stavkalari belgilangan stavkalarning 50 foizi miqdorida qo‘llanadi;
- suvda foydalanishga mo‘ljallangan GPS qurilmalari, qutqaruv va xavfsizlik anjomlari, zamonaviy sanitariya-gigiyena shoxobchalarini O‘zbekiston Respublikasi hududiga olib kirishda bojxona to‘lovlarini 120 kun muddatga kechiktirib yoki bo‘lib-bo‘lib to‘lashga ruxsat etiladi.
Suv omborlari va ularga tutash hududlarda tashkil etilgan turizm obyektlarida faoliyat olib boruvchi tadbirkorlar tomonidan:
- tashrif buyuruvchilar xavfsizligini ta’minlash, ularning sog‘lig‘ini muhofaza qilish, favqulodda vaziyatlarning oldini olish maqsadida turizm ob’yektlari xavfsizlik vositalari bilan jihozlanishi;
- favqulodda vaziyatlarda zudlik bilan qutqaruv ishlarini amalga oshirish maqsadida qutqaruv xizmati tashkil etilishi yoki shartnoma asosida professional qutqaruv tuzilmalari bilan navbatchilik xizmati yo‘lga qo‘yilishi;
- kichik hajmli kemalar va ular turadigan inshootlar (bazalar)dan xavfsiz foydalanish bo‘yicha qonunchilik hujjatlarida belgilangan talablarga rioya etilishi;
- suvni muhofaza qilish zonalari va sohilbo‘yi mintaqalari uchun belgilangan talablarga rioya qilish, oqova suvlarning suv ob’yektlariga tashlanishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida ichki kanalizatsiya tarmoqlari hamda lokal oqova suvlarni tozalash inshootlari bilan ta’minlanishi;
- turizm obyektlarida hosil bo‘ladigan maishiy chiqindilar belgilangan tartibda utilizatsiya qilinishi majburiy hisoblanadi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 102815 | Инструменты