Samarqand viloyatining Qo‘shrabot tumani tog‘ va tog‘oldi hududlarida olib borilayotgan arxeologik qidiruv tadqiqotlari davomida mezolit va neolit davrlariga oid bo‘lishi taxmin qilinayotgan qoyatosh rasmlari hamda bronza davriga oid manzilgoh aniqlandi.
Samarqand viloyatining Qo‘shrabot tumani tog‘ va tog‘oldi hududlarida olib borilayotgan arxeologik qidiruv tadqiqotlari davomida mezolit va neolit davrlariga oid bo‘lishi taxmin qilinayotgan qoyatosh rasmlari hamda bronza davriga oid manzilgoh aniqlandi. Bu haqda Madaniy meros agentligi xabar qildi.

Dala tadqiqotlari davomida Oqchobsoy mahalla fuqarolar yig‘iniga qarashli Egrijarsoy, Xo‘jasoy (Badimin), Galajinsoy va Sumbulsoy hududlaridagi tosh ayvonlarning devor va shiftlarida tabiiy oxra bo‘yog‘i bilan chizilgan qoyatosh rasmlari aniqlandi. Dastlabki taxminlarga ko‘ra, mazkur tasvirlar mezolit va neolit davrlariga oid bo‘lishi mumkin.
Shuningdek, Pangat mahallasi hududida olib borilgan arxeologik qidiruv ishlari natijasida uchta nuqtadan bronza davriga oid sopol parchalari topildi. Qumoloqli qishlog‘idan 700–800 metr sharqda joylashgan nuqtada 2×1 metr o‘lchamdagi shurf qazish ishlari amalga oshirilib, qalinligi 60 santimetr bo‘lgan madaniy qatlamga ega bronza davri manzilgohi aniqlandi. Qazishmalar davomida ko‘plab sopol bo‘laklari va suyak qoldiqlari qayd etildi.
Aniqlangan arxeologik materiallarni qiyosiy tahlil qilish Nurota tog‘ tizmasi hududlarining qadimgi aholi tomonidan o‘zlashtirilish bosqichlari hamda boshqa hududlardagi qabila va elatlar bilan madaniy aloqalarining rivojlanishini o‘rganishda muhim ilmiy ahamiyatga ega.
Alpha version: 0.9.1.19 build 102815 | Инструменты