Termiz xalqaro savdo markazida choponlar orasiga yashirib, 6,3 kg gashishni $15 mingga sotmoqchi bo‘lgan Afg‘oniston fuqarosi ushlandi. Unga nisbatan kontrabanda va narkotik savdosi moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Paxtaobodda esa 1,1 kg gashish va 1946 dona “Regapen” saqlagan shaxs qo‘lga olindi.
Surxondaryo viloyati Termiz shahrida 6 kilogramdan ortiq gashish moddasini choponlar orasiga yashirib, mamlakatga olib kirgan Afg‘oniston fuqarosi qo‘lga olindi, deya xabar bermoqda Davlat xavffsizlik xizmati.
Ma’lum qilinishicha, avvalroq kuzatuvga olingan 40 yoshli afg‘onistonlik erkak Termiz xalqaro savdo markazi hududida ushlangan.
U sotish uchun mo‘ljallangan choponlar orasiga yashirgan holda O‘zbekistonga kontrabanda yo‘li bilan olib kirilgan 6 kg 342 gramm gashishni 15 ming dollarga sotayotgan vaqtda ashyoviy dalillar bilan qo‘lga tushgan.
Holat yuzasidan unga nisbatan Jinoyat kodeksining 246-moddasi 2-qismi (Kontrabanda) va 273-moddasi 6-qismi “a” bandi (Giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalarni ko‘p miqdorda qonunga xilof ravishda sotish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Shuningdek, Andijon viloyati Paxtaobod tumanidagi holatda muqaddam giyohvandlik vositalari savdosi bilan bog‘liq jinoyati uchun sudlangan 40 yoshli shaxsning xonadoni xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilgan.
Natijada ushbu manzildan jami 1 kg 157 gramm gashish va 1946 dona “Regapen” kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari ashyoviy dalil sifatida olingan.
Tadbir davomida mazkur shaxsdan “Regapen” sotib olmoqchi bo‘lgan 25 yoshli fuqaro ham ushlanib, uning yonidagi 1,5 gramm gashish va 2 dona “Regapen” protsessual tartibda hujjatlashtirilgan.
Ularga nisbatan Jinoyat kodeksining 273-moddasi 6-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Alpha version: 0.9.1.19 build 112614 | Инструменты