Markaziy bank sharhi: 9 oyda mikromoliya tashkilotlari ko‘rsatgan xizmatlar hajmi 2,3 barobarga o‘sdi

O‘zbekiston Markaziy banki 2026-yilning III choragi yakunlari bo‘yicha “Mikromoliya xizmatlari bozori sharhi”ni e’lon qildi. Tahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki, 2026-yilning yanvar–sentabr oylarida mamlakatda mikromoliya xizmatlari bozori hajman kengaygan bo‘lsa-da, uning ichki tarkibida jiddiy o‘zgarishlar yuz bermoqda. Xususan, bozorda an’anaviy banklarning ulushi kamayib, mikromoliya tashkilotlari (MMT) hamda onlayn xizmatlarning mavqei tez sur’atlarda mustahkamlanmoqda.

Umumiy bozor hajmi va ishtirokchilar ulushi

2026-yilning dastlabki to‘qqiz oyida kredit tashkilotlari tomonidan jami 109,9 trln so‘mlik mikromoliya xizmatlari ko‘rsatilgan. Bu ko‘rsatkich 2025-yilning mos davriga nisbatan 6 trln so‘mga yoki 6 foizga ko‘pdir. Shu bilan birga, jami ajratilgan kreditlar tarkibida mikromoliya xizmatlarining ulushi 2,8 foiz bandga pasayib, 31,4 foizni tashkil etdi.

Bozor ishtirokchilari kesimida sezilarli qayta taqsimlanish kuzatilmoqda:

- Tijorat banklari hanuz asosiy o‘yinchi bo‘lib qolmoqda — ular hissasiga 62,4 trln so‘mlik (bozorning 56,8 foizi) xizmatlar to‘g‘ri kelgan. Biroq o‘tgan yilga nisbatan banklarning mikromoliyalash hajmi 20,2 trln so‘mga (24 foiz) qisqargan. Xususan, davlat ulushi mavjud banklarda 4 foizlik (24,6 trln so‘m), xususiy banklarda esa 34 foizlik (37,8 trln so‘m) pasayish qayd etilgan.

- Mikromoliya tashkilotlari esa aksincha, 2,3 barobar o‘sish ko‘rsatib, xizmatlar hajmini 25,2 trln so‘mga oshirdi va jami 44,4 trln so‘mga (bozorning 40,4 foizi) yetkazdi.

- Lombardlar tomonidan ko‘rsatilgan xizmatlar 49 foizga (1 trln so‘mga) o‘sib, 3,1 trln so‘mni (2,8 foiz) tashkil etdi.

Mahsulot turlari bo‘yicha qaralganda, banklar portfelida mikroqarzlar ulushi 6 foiz bandga kamayib, 76 foizga tushgan bo‘lsa, MMTlarda bu ko‘rsatkich 29 foiz bandga oshib, 96 foizga yetgan. Lombardlar esa faqat mikroqarzlar ajratishda davom etmoqda.

Muddatlar va valyuta tarkibidagi o‘zgarishlar

Bozor tuzilmasidagi o‘zgarishlar kreditlarning muddatlariga ham bevosita ta’sir ko‘rsatgan. Qisqa muddatli mikromoliya xizmatlari hajmi 91 foizga (20,9 trln so‘mga) o‘sib, 43,8 trln so‘mni (jami bozorning 40 foizi) tashkil etdi. Ushbu segmentning asosiy qismi — 40,2 trln so‘mi MMT va lombardlar hissasiga, qolgan 3,5 trln so‘mi banklarga to‘g‘ri keldi.

Aksincha, uzoq muddatli xizmatlar hajmi 18 foizga (14,9 trln so‘mga) kamayib, 66,1 trln so‘mga (60 foiz) tushdi. Bunda banklarning uzoq muddatli segmentdagi ustunligi saqlanib qolgan: ular 59 trln so‘mlik (portfelining 94 foizi) uzoq muddatli xizmat ko‘rsatgan. MMT va lombardlarda esa bu ko‘rsatkich 7,2 trln so‘mni (15 foiz) tashkil etgan.

Valyutalar kesimida bozorning 99 foizi (108,8 trln so‘m) milliy valyutada shakllangan bo‘lib, o‘tgan yilga nisbatan 5 foizga o‘sgan. Xorijiy valyutadagi mikromoliya xizmatlari esa 2,1 barobarga oshib, 1,1 trln so‘mga (1 foiz) yetgan. Valyuta mikrokreditlarining 74 foizi (786 mlrd so‘m ekvivalenti) beshta bank hissasiga to‘g‘ri keladi:

  1. Davrbank — 282 mlrd so‘m (27 foiz);
  2. Xalq banki — 155 mlrd so‘m (15 foiz);
  3. Kapitalbank — 135 mlrd so‘m (13 foiz);
  4. Biznesni rivojlantirish banki — 114 mlrd so‘m (11 foiz);
  5. Hamkorbank — 101 mlrd so‘m (9 foiz).

Hududiy tafovutlar: Toshkent yetakchi, Andijonda yuqori o‘sish

Mikromoliya xizmatlarining asosiy qismi hanuz poytaxtda jamlangan — Toshkent shahri hissasiga 71,3 trln so‘m yoki jami bozorning 65 foizi to‘g‘ri kelmoqda. Keyingi o‘rinlarni Farg‘ona (6,6 trln so‘m), Toshkent (3,8 trln so‘m), Andijon (3,6 trln so‘m) va Samarqand (3,5 trln so‘m) viloyatlari egallagan. Eng kam hajm Sirdaryo (1,2 trln so‘m), Jizzax (2 trln so‘m) va Namangan (2,1 trln so‘m) viloyatlarida qayd etilgan.

Dinamika nuqtayi nazaridan eng yuqori o‘sish Andijon (+24 foiz yoki 691 mlrd so‘m), Samarqand (+10 foiz yoki 321 mlrd so‘m) va Sirdaryo (+8 foiz yoki 96 mlrd so‘m) viloyatlarida kuzatildi. Shu bilan birga, oltita hududda — Namangan (-10 foiz), Xorazm va Navoiy (-7 foizdan), Qashqadaryo (-5 foiz), Surxondaryo hamda Buxoro (-2 foizdan) viloyatlarida mikromoliya xizmatlari hajmi qisqargan.

Xulosa

2026-yilning to‘qqiz oylik yakunlari O‘zbekiston mikromoliya bozorida raqobat muhiti o‘zgarayotganidan dalolat beradi. Tijorat banklarining mikroqarzlar bozoridagi faolligi pasayishi fonida mikromoliya tashkilotlari tezkor va qisqa muddatli onlayn xizmatlar hisobiga bozor ulushini jadal egallab bormoqda.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 112614 | Инструменты