Mamlakatimizda oliy taʼlim muassasalari soni 203 taga yetdi. Talabalarni qamrab olish darajasi esa 42 foizga oshdi.
Shu bilan bir qatorda sohada ayrim dolzarb masalalar bo‘yicha aholining murojaatlari soni ham ortib bormoqda. Xususan, fuqarolar bir vaqtning o‘zida ikki oliy taʼlim muassasasida, masalan, davlat va nodavlat oliy taʼlim muassasasida kunduzgi va masofaviy yoki kechki va sirtqi shakllarda tahsil olish imkoniyatlari nega cheklangani borasida murojaat qilmoqda.
Ushbu masalaga aniqlik kiritish maqsadida Senatning Fan, taʼlim va sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasi raisi Bahrom Abdullayev Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziriga senator so‘rovi yubordi.
So‘rovda Konstitutsiya va qonunlarga muvofiq, fuqarolarga taʼlim olish uchun barcha zarur shart-sharoitlar yaratilgani qayd etilgan. “Yoshlarga oid davlat siyosati to‘g‘risida”gi qonunning 5-moddasida esa yoshlar uchun ochiq va sifatli taʼlimni taʼminlash, ularning intellektual rivojlanishiga sharoit yaratish asosiy yo‘nalishlardan biri sifatida belgilangan.
Biroq amaldagi tartibga ko‘ra, jumladan, Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 20 iyundagi 393-son qarori bilan tasdiqlangan nizomga asosan abituriyent faqat bitta oliy taʼlim muassasasiga asl hujjatini topshirishi mumkin.
Shuningdek, HEMIS axborot tizimida bir marta ro‘yxatdan o‘tgan talaba boshqa oliy taʼlim muassasasida qayta ro‘yxatdan o‘ta olmaydi. Bu holat esa yoshlarning bir vaqtning o‘zida bir nechta taʼlim yo‘nalishida bilim olishiga to‘sqinlik qilmoqda.
Senator so‘rovida shu kabi cheklovlar xorijiy davlatlarda, xususan, AQSH, Yevropa, Rossiya, Qozog‘istonda mavjud emasligi, aksincha, talabalar bir vaqtning o‘zida bir nechta oliy taʼlim muassasasida tahsil olib, ikki va undan ortiq diplomga ega bo‘lish imkoniyatiga ega ekani taʼkidlangan.
Shu munosabat bilan senator vazirdan fuqarolarga bir vaqtning o‘zida davlat va nodavlat oliy taʼlim muassasalarining ikkitasida tahsil olish imkoniyatini yaratish yuzasidan rasmiy tushuntirish berishni so‘ragan.
Alpha version: 0.9.1.19 build 50621 | Инструменты