Ikki holat yuzasidan G‘uzor tuman prokuraturasi va IIBning tezkor-tergov guruhi tomonidan tergovga qadar tekshiruv olib borilmoqda
Kecha, 11-sentabr kuni Qashqadaryo Ekologiya bosh boshqarmasining G‘uzor tumani bo‘limi boshlig‘i Bahrom Toshpo‘latov hushsiz holatda viloyat shoshilinch tez tibbiy yordam ilmiy markaziga olib kelindi. Bu haqda O'zbekiston Ekologiya va iqlim o'zgarishi milliy qo'mitasi xabar bermoqda.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, Bahrom Toshpo‘latov G‘uzor tumani Qovchin MFY hududidan oqib o‘tuvchi Qashqadaryo daryosida noqonuniy qum-shag‘al qazib olish holatlarini aniqlash bo‘yicha reyd tadbirida huquqbuzarlar hujumiga uchragan.
Uni shu hududda fuqarolardan biri hushsiz holatda topib, shifoxonaga olib kelgan. Hozirda tibbiyot muassasasida unga zarur tibbiy yordam ko‘rsatilmoqda.
Shuningdek, 6-sentabrdan 7-sentabrga o‘tar kechasi G‘uzor tumani Qovchin MFYning Arab qishlog‘i hududida ekopolitsiya inspektorlari tomonidan ekologik nazorat reydi o‘tkazilgan.
Reyd davomida Qashqadaryo daryosining muhofaza etiladigan hududida noqonuniy qum-shag‘al qazib olinayotgani aniqlangan. Ekopolitsiya xodimlari qonunbuzarlikni to‘xtatib, texnikani jarima maydoniga olib ketayotgan vaqtida huquqbuzarlar ularga faol qarshilik ko‘rsatgan.
Xususan, davlat raqamisiz qora rangli “KIA K5”, shuningdek, davlat raqami 70 K 413 AA bo‘lgan “Lasetti” va “Cobalt” avtomobillarida kelgan shaxslar yo‘lni to‘sib, inspektorlardan biriga tan jarohati yetkazgan. Shuningdek, jarima maydoniga olib ketilayotgan texnika vositasini olib qochgan.
Mazkur ikki holat yuzasidan G‘uzor tuman prokuraturasi va IIBning tezkor-tergov guruhi tomonidan tergovga qadar tekshiruv olib borilmoqda.
Eslatib o'tamiz, avvalroq Sirdaryoda eko nazorat xodimi brakonyerlarga qarshi kurash chogʻida vafot etgandi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 91314 | Инструменты