O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov Shvetsiya va Belgiyaning mamlakatdagi yangi tayinlangan elchilaridan ishonch yorliqlarini qabul qildi
O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov Shvetsiya va Belgiyaning mamlakatdagi yangi tayinlangan elchilaridan ishonch yorliqlarini qabul qildi. Bu haqda TIV rahbari o‘zining Telegram kanalida ma’lum qildi.
Belgiyaning O‘zbekistondagi yangi tayinlangan favqulodda va muxtor elchisi Matias Kende ham ishonch yorliqlari nusxalarini topshirdi.

“Suhbat davomida Toshkentda Belgiya elchixonasi faoliyati yo‘lga qo‘yilayotgani ikki davlat munosabatlaridagi muhim voqea ekani qayd etildi”, — deb yozdi Baxtiyor Saidov.
Uchrashuvda davlatlar o‘rtasidagi siyosiy muloqotni yanada mustahkamlash, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Shuningdek, O‘zbekiston — Belgiya aloqalarini ikki tomonlama munosabatlar hamda Yevropa Ittifoqi doirasida yanada rivojlantirishga tayyorlik bildirildi.
Shvetsiyaning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi etib Martin Rozen tayinlandi. Uchrashuvda savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish, shuningdek, ikki mamlakat ishbilarmon doiralari o‘rtasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni rag‘batlantirish muhimligi qayd etildi.
“Elchi janoblariga yangi vazifasida muvaffaqiyatlar tilab, o‘zaro munosabatlarni yangi bosqichga olib chiqish uchun birgalikda ishlashga tayyor ekanimizni bildirdik”, — dedi vazir.
Martin Rozen 2022−2026-yillarda Shvetsiyaning O‘zbekistondagi elchisi bo‘lgan Tomas Danestad o‘rniga tayinlandi.

Alpha version: 0.9.1.19 build 91114 | Инструменты