Paxta va g‘alla yetishtirish ko‘nikmasiga ega bo‘lgan "yangi agronom"larni tayyorlash tizimlari joriy etiladi

Joriy yil 24-sentyabrdagi Hukumat qarori bilan yangi agrotexnologiyalar asosida paxta va g‘alla yetishtirish ko‘nikmasiga ega bo‘lgan "yangi agronom"larni tayyorlash va "ustoz-shogird" tizimlari joriy etiladi.

Unga ko'ra, "Yangi agronom" tayyorlash tizimi asosida o‘qish amaliyotiga Toshkent davlat agrar universiteti va qishloq xo‘jaligi sohasida mutaxassislar tayyorlaydigan boshqa oliy ta’lim tashkilotlarining mos ta’lim yo‘nalishlarida tahsil olayotgan 2 va 3-bosqich talabalari tanlov orqali ishtirok etadi. Tanlov oliy ta’lim tashkilotlarida har yili kamida bir marta o‘tkaziladi.

"Yangi agronom" tizimi doirasida amaliyotini a’lo baholar bilan tamomlagan talabalar maxsus komissiya tomonidan saralanib, ilg‘or xorijiy tajribani o‘rganish uchun xorijiy davlatlarga yuboriladi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari "Ustoz-shogird" tizimi doirasida paxtadan gektariga 50–60 syentnerdan yuqori hosil olgan ilg‘or agroklasterlar va fermer xo‘jaliklariga "ustoz" sifatida tanlovda qatnashishni taklif etadi.

"Ustoz" sifatida tanlab olingan har bir agroklaster yoki fermer xo‘jaligiga paxta hosildorligi 30 syentnerdan past bo‘lgan 20 tagacha fermer xo‘jaligi "shogird" sifatida biriktiriladi.

Har hosil yili yakunida "shogird" fermer xo‘jaligi paxtadan gektariga 50 syentnerdan yuqori hosil olgan "ustoz" agroklaster yoki fermer xo‘jaliklari har bir "shogird" fermer xo‘jaligi uchun 5 mln so‘mdan mukofot puli bilan taqdirlanadi.

"Ustoz-shogird" tizimi doirasida amalga oshiriladigan ishlar Qishloq xo‘jaligi vazirligining "Raqamli qishloq xo‘jaligi" yagona integrasion platformasi orqali nazorat qilinadi. "Ustoz" agroklaster va fermer xo‘jaliklari hamda ularga biriktirilgan "shogird" fermer xo‘jaliklari  reyestri Qishloq xo‘jaligi vazirligi tomonidan yuritiladi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 93000 | Инструменты