27-iyun matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni. Sana munosabati bilan Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida davra suhbati tashkil etildi. Tadbirda “O‘zbek jurnalistikasi antologiyasi va taniqli jurnalistlar maktabi” seriyasidagi kitoblar taqdimoti qilindi. Bu haqda UzReport TV muxbiri xabar berdi.
Davra suhbatida faxriy jurnalistlar, nashriyot - matbaa hamda axborot-kutubxona sohasida uzoq yillar mehnat qilgan xodimlar, mutasaddi organlar rahbarlari ishtirok etdi. Tadbirda maʼlum qilinishicha, oxirgi yetti yilda 871 ta OAV ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lib, ularning jami soni 2300 tani tashkil etmoqda. Shundan 65 foizdan ortig‘i nodavlat media tashkilotlari hisoblanadi. Shuningdek, davra suhbatida o‘zbek jurnalistikasining bugungi holati, zamonaviy texnologiyalar davrida fakt-chekkingning ahamiyati, sunʼiy intellekt va mediada sog‘lom raqobatni shakllantirish borasida ham fikrlar bildirildi
Tadbirda taqdimoti qilingan O‘zbek jurnalistikasi antologiyasi kitobi 2 jilddan iborat. Unda 300 dan ortiq ustoz jurnalistlarning ijod naʼmunalari va hayot yo‘li yoritilgan. Kitob elektron shaklda ham mavjud. Bundan tashqari, tez orada o‘zbek jurnalistikasi ensiklopediyasi yaratilishi ham maʼlum qilindi.
Maʼlumot uchun, oxirgi yillarda jurnalistika sohasiga oid 3 ta maxsus qonun, 2 ta Prezident farmoni, 4 ta qaror va 10 ta hukumat qarori va farmoyishi qabul qilindi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 62600 | Инструменты