2025 yil 23 iyun kuni O‘zbekistonning Londondagi elchixonasida O‘zbekiston-Britaniya sayyohlik forumi katta muvaffaqiyat bilan o‘tkazildi.
Tadbirda sayyohlik sohasi vakillari, ishbilarmon hamkorlar va Buyuk Britaniyadan mehmonlar ishtirok etdilar.
Ishtirokchilarni O‘zbekiston Turizm qo‘mitasi raisi Umid Shadiyev, O‘zbekistonning Buyuk Britaniyadagi elchisi Ravshan Usmonov, shuningdek O‘zbekistonning Buyuk Britaniyadagi turizm elchisi Sofi Ibbotson qutladilar.
Londonda Buyuk Britaniya sayyohlik kompaniyalari va hamkorlari ishtirokida O‘zbekistonning sayyohlik salohiyatini rivojlantirish va aloqalar o‘rnatishga bag‘ishlangan “B2B” uchrashuvlari hamda "Road Show" davomida Xorazm va Samarqand viloyatlari turizm sohasi vakillari o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirish uchun o‘z loyihalari va imkoniyatlarini taqdim etdilar. Ularning taqdimotlari britaniyalik hamkorlarda katta qiziqish uyg‘otib, turizm sohasida hamkorlik qilish uchun yangi istiqbollarni ochdi.
Ishbilarmonlik dasturiga qo‘shimcha ravishda Sofi Ibbotson va Taslima Alam ishtirokida islom san’ati bo‘yicha mahorat darsi o‘tkazildi. Bu tadbir ishtirokchilarga O‘zbekistonning noyob madaniy merosi bilan tanishish imkonini berdi va norasmiy muhitda hamkorlar o‘rtasida shaxsiy muloqot uchun ajoyib imkoniyat yaratdi.
Forum O‘zbekistonning milliy taomlari – palov, sharqona shirinliklar va an’anaviy ichimliklarni tatib ko‘rish bilan boyitilgan madaniy dastur orqali yakuniga yetdi. Ishtirokchilar nafaqat mehmondo‘stlik muhitidan bahramand bo‘lishdi, balki kelajakdagi hamkorlik imkoniyatlarini ham muhokama qilish imkoniga ega bo‘ldilar.
O‘tkazilgan forum hamkorlik aloqalarini rivojlantirish uchun muhim platformaga aylandi va xalqaro maydonda O‘zbekistonning sayyohlik salohiyatiga bo‘lgan qiziqish tobora ortib borayotganini yaqqol namoyon etdi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 62523 | Инструменты